Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Jiddiy kasallikka chalinganda

Jiddiy kasallikka chalinganda

O‘pka va yo‘g‘on ichak saratoniga chalinganimni bilganimda «Bo‘ldi, kunim bitdi» degan fikr keldi. Lekin shifokor qabulidan uyga qaytganimda «Bunday bo‘lishini kutmagandim, ammo bu bilan kurashish yo‘lini izlashim kerak» deb o‘yladim. Linda, 71 yosh.

Men yuzning chap tomonidagi asab tolalariga ta’sir qiladigan juda og‘riqli kasallikka chalinganman. Ba’zan kuchli og‘riq sababli tushkunlikka tushardim. Ko‘pincha o‘zimni yolg‘iz his etardim, hatto jonimga qasd qilmoqchi bo‘lganman. Eliza, 49 yosh.

AGAR siz yoki yaqiningiz hayot uchun xavfli kasallikka chalingan bo‘lsangiz, bu qanchalik tushkunlikka tushirishini yaxshi bilasiz. Kasallikdan tashqari salbiy his-tuyg‘ular bilan kurashishingiz kerak. Og‘ir kechadigan tibbiy muolajalar, davolanish turini topish yoki to‘lov bilan bog‘liq qiyinchiliklar hamda dori vositalarining nojo‘ya ta’siri qo‘rquv va bezovtalikni orttirishi mumkin. Boz ustiga jiddiy kasallik tufayli yuzaga keladigan ruhiy iztirob odamni dovdiratib qo‘yishi hech gap emas.

Qaerdan yordam izlasak bo‘ladi? Aksariyat odamlar Xudoga ibodat qilish va Muqaddas Kitobdagi taskin baxsh etuvchi parchalarni o‘qish chinakamiga tasalli berishini payqashdi. Shuningdek, oila va do‘stlar namoyon etayotgan sevgi hamda ularning qo‘llab-quvvatlashi katta yordam beradi.

BU VAZIYATDA AYRIMLARGA NIMA YORDAM BERGAN?

Yoshi 58 da bo‘lgan Robert shunday maslahat berdi: «Xudoga ishoning, U kasallikka dosh berishingizga ko‘maklashadi. Tangri Yahovaga ibodat qiling. Qalbingizdagi borini Unga to‘kib soling. Undan kuch so‘rang. Ijobiy nuqtai nazarni saqlash, oilangizga dalda bo‘lish va kasallik bilan kurashayotib xotirjam qolishingiz uchun Undan yordam so‘rang.

Oilangiz sizni hissiy tomondan qo‘llab-quvvatlashi va yoningizda bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Har kuni menga bir yoki ikki kishi qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘raydi. Turli joylarda yashaydigan do‘stlarim dalda berib turishadi. Bu tufayli o‘zimni ancha yaxshiroq his qilaman va taslim bo‘lmayman».

Agar kasal kishini yo‘qlashga borsangiz, Lindaning mana bu so‘zlarini yodda tuting: «Betob bo‘lgan kishi odatiy hayot tarziga qaytishni xohlaydi va u doim ham kasalligi haqida gapirishni istamasligi mumkin. Shuning uchun u bilan odatiy narsalar haqida suhbatlashing».

Xudoning madadi, taskin beradigan oyatlar, shuningdek, oila va do‘stlarning qo‘llab-quvvatlashi orqali shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, jiddiy kasallikka chalinganimizda ham hayot yashashga arziydi.