Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TASHKILOTIMIZ ARXIVIDAN

Shohlik urug‘larining Portugaliyada ekilishi

Shohlik urug‘larining Portugaliyada ekilishi

ATLANTIKA okeanining to‘lqinlari Yevropa tomon suzib ketayotgan kemaga urilmoqda. U yerdagi yo‘lovchilarning biri Jorj Yang Braziliyadan * qaytar ekan, bu mamlakatda Shohlik ishi olg‘a surilgani haqida o‘ylab mamnuniyat his etyapti. Biroq Yang akamizning safari hali tugamadi, chunki u yangi vazifa olgan va butun e’tibori shu ishda edi. U Ispaniya va Portugaliyaga borib, va’zgo‘ylar oyog‘i yetmagan anchagina hududlarda xizmat qilishi kerak edi. Undan Jozef Ruterford Muqaddas Kitob asosida nutqlar aytishi uchun joy tayyorlashi va 300 000 ta buklama tarqatishi kutilgan.

Jorj Yang va’z qilib ko‘p safarlarga borgan

Jorj Yang 1925-yil bahorda Lissabonga borganda qiyinchiliklarga duch kelgan. Gap shundaki, 1910-yili inqilob dastidan monarxiya boshqaruviga yakun yasaldi va katolik cherkovi o‘z kuchini yo‘qotdi. Aholi ko‘proq erkinlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi vaziyat notinch edi.

Jorj Yang nutq so‘zlanishi uchun joy izlayotganda davlat to‘ntarilishi uyushtirilayotgani tufayli hukumat tomonidan harbiy holat e’lon qilindi. Buyuk Britaniya va chet el Bibliya Jamiyatining kotibi Yang akamizni ogohlantirib, juda ko‘p ta’qiblarga duch kelishini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, u bir o‘quv yurtiga murojaat qilib, u yerda nutq so‘zlanishi uchun ruxsat so‘radi va unga ruxsat berildi. («Camões Secondary School gymnasium»)

Nihoyat, 13- mayda birodarimiz Ruterford nutq so‘zlashi rejalashtirildi. Bu kun sabrsizlik ila kutilayotgan edi. Ushbu nutqning nomi «Qanday qilib yer yuzida adabiy yashash mumkin?» edi. U binolardagi plakatlar va gazeta e’lonlarida yozilgan edi. Shu zahoti, din rahbarlari qarshilik ko‘rsatib, odamlarni yangi paydo bo‘lgan «soxta payg‘ambarlardan» ogohlantirish maqsadida gazetada maqola nashr etishdi. Qolaversa, kelganlarga o‘sha o‘quv yurtining kiraverishida Jozef Ruterford aytayotgan ta’limotlarga qarshi ma’lumotdan iborat bo‘lgan minglab risolalar tarqatishdi.

Bunga qaramay, ichkarida bo‘sh joy qolmagani tufayli yana taxminan 2 000 ta odam u yerga kira olmadi. Qiziqib qolgan ayrim tinglovchilar o‘sha o‘quv yurtdagi sport zalidagi arqonlarga, yana boshqalari mashqlar uchun mo‘ljallangan turli anjomlarga chiqib olgan holda nutq tinglashardi.

Hamma narsa ham silliq kechmadi. Qarshi chiqqanlar baqirib, ag‘dar-to‘ntar qilishdi. Birodarimiz Ruterford esa tinchlikni saqlab, ovozi eshitilishi uchun stol ustiga chiqib olgan edi. U nutq aytishni deyarli yarim kechada tugatdi va 1 200 dan ziyod qiziqib qolgan kishi ismlariyu manzillarini yozib, Muqaddas Kitob asosidagi adabiyotlar olishga xohish bildirdi. Ertasi kuni esa, bir gazetada Jozef Ruterfordning nutqi haqida maqola chop etildi. («O Século»)

1925-yil sentabrda «Qo‘riqchi minorasi» Portugaliyada portugal tilida nashr etila boshladi. (Ilgari esa bu jurnal portugal tilida Braziliyada chop etilardi.) O‘sha paytlarda Virjilio Ferguson ismli Muqaddas Kitob Tadqiqotchisi Shohlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Portugaliyaga ko‘chishni rejalashtirayotgan edi. Qachonlardir u birodarimiz Yang bilan Braziliyadagi kichik ofisimizda hamkorlik qilardi. Ko‘p o‘tmay, Virjilio rafiqasi Lizi bilan sayohat qilganda Yang akamiz bilan yana uchrashib qolishadi. Ferguson birodarimizning tashrifi o‘z vaqtida edi. Negaki, Yang yaqinda va’zgo‘ylik bilan bog‘liq boshqa topshiriqlar, jumladan, Sovet Ittifoqidagi faoliyatimizga tegishli vazifalarni bajarish uchun ketishi kutilardi.

Virjilio va Lizi Fergusonga ruxsat berilgani haqidagi hujjat (1928)

To‘ntarilish dastidan Portugaliyada diktatorlik rejimi o‘rnatilganda, faoliyatimizga nisbatan qarshiliklar ko‘paydi. Birodarimiz Ferguson g‘ayrat ila harakat qilib, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilaridan iborat bo‘lgan kichik guruhni himoya qilish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun choralar ko‘rdi. U o‘z xonadonida muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazish uchun ruxsat so‘radi. 1927-yili oktabrda unga ruxsat berildi.

Diktatorlik rejimining birinchi yilida Portugaliyada qariyb 450 ta kishi «Qo‘riqchi minorasi» jurnaliga obuna bo‘ldi. Shuningdek, buklamalar orqali haqiqat Portugaliya imperiyasiga kirgan Angola, Azor orollari, Kabo-Verde, Sharqiy Timor, Goa, Madeyra orollari va Mozambikka yetib bordi.

1920-yillar oxirida portugaliyalik Manuel-da-Silva Jordao ismli bog‘bon Lissabonga keldi. U Braziliyada yashaganda, birodarimiz Yang aytgan ommaviy nutqni eshitgan edi. U shu zahotiyoq bu haqiqat ekanida amin bo‘lib, Ferguson akamizga voizlik ishida yordam berish istagini bildirdi. Shunday qilib, Manuel kitob tarqatuvchi (hozir kashshof deb ataladi) bo‘lib xizmat qilishni boshladi. Endi Muqaddas Kitob asosidagi adabiyotlar chop etilishi va ularni tarqatish ishi yaxshi tashkillashtirilgani tufayli, Lissabonda yangi jamoat paydo bo‘ldi.

1934-yili Virjilio va Lizi Ferguson Braziliyaga qaytishdi. Shunday qilib, haqiqatning ilk urug‘lari ekildi. Ispaniyadagi fuqarolar urushi va Ikkinchi jahon urushi paytida Yevropadagi notinchliklarda Portugaliyadagi birodarlar Yahovaga sodiq bo‘lib qoldi. Muayyan payt mobaynida ular o‘chib qolayotgan cho‘g‘day edi, lekin Gilad maktabini bitirgan Jon Kuk ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y 1947-yili kelganda ular yana alanga olishdi. Bundan so‘ng, Shohlik xabarchilarining o‘sishini hech kim to‘xtata olmas edi. 1962-yili Yahova Shohidlarining faoliyati taqiq ostida bo‘lganda ham, va’zgo‘ylarning soni oshib borardi. 1974-yili dekabrda Yahovaning Shohidlari rasman tan olinganda, mamlakatda 13 000 dan ortiq va’zgo‘y bor edi.

Bugungi kunda, 50 000 dan ziyod va’zgo‘y Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni Portugaliyada va portugal tilida gapiradigan bir nechta orolda, jumladan, Azor hamda Madeyra orollarida va’z qiladi. Bu va’zgo‘ylar 1925-yili birodarimiz Ruterford so‘zlagan tarixiy ma’ruzani eshitgan ayrimlarning uchinchi avlodlaridir.

Biz Yahovadan hamda «o‘zga xalqlar uchun Iso Masihning xizmatchisi» sifatida faoliyatimiz keng quloch yozishi uchun jasorat ila mehnat qilgan o‘sha sadoqatli birodaru opa-singillarimizdan minnatdormiz. (Rim. 15:15, 16) (Tashkilotimizning Portugaliyadagi arxividan.)

^ 3- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil 15- may sonidagi 31–32- sahifalarida keltirilgan «O‘rim-yig‘im ishida hali katta ehtiyoj bor» nomli maqolaga qarang.