Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nima uchun azob chekamiz, qariymiz va o‘lamiz?

Nima uchun azob chekamiz, qariymiz va o‘lamiz?

Parvardigorimiz bizni O‘z farzandlari deb biladi. Shunga U azob chekishimizni istamaydi. Unda nega dunyo azob-uqubatlarga to‘lib-toshgan?

Ilk ota-onamizning qilmishi dastidan azob chekyapmiz

«Bitta odam dastidan dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunoh orqali esa o‘lim. Shu tariqa o‘lim barcha insonlarga o‘tdi». (RIMLIKLARGA 5:12)

Alloh ilk ota-onamiz bo‘lmish Odamato va Momohavoni mukammal ong va tana bilan yaratgandi. U ularni yer yuzidagi jannatga — Adan deb atalgan go‘zal boqqa joylashtirgandi. Xudo ularga bog‘dagi bitta daraxtdan tashqari barcha daraxtlarning mevasidan yeyishlari mumkinligini aytgandi. Biroq Odamato bilan Momohavo o‘sha daraxtning mevasidan yeb, gunohga qo‘l urishdi. (Ibtido 2:15–17; 3:1–19) Itoatsizlik qilishgani uchun Alloh ularni Adan bog‘idan haydab chiqardi va ularning hayoti azobga aylandi. Vaqt o‘tib, ular farzandli bo‘lishdi va farzandlarining hayoti ham azob-uqubatda o‘tdi. Ularning hammasi qaridi va o‘ldi. (Ibtido 3:23, 5:5) Barchamiz Odamato va Momohavoning avlodi bo‘lganimiz uchun kasal bo‘lamiz, qariymiz va o‘lamiz.

Yovuz ruhlar tufayli azob chekyapmiz

«Butun dunyo... Shaytonning hukmidadir». (1 YUHANNO 5:19)

Shayton — ruhiy mavjudotdir. U Xudoga qarshi isyon ko‘targan. (Yuhanno 8:44; Vahiy 12:9) Vaqt o‘tib, boshqa ruhiy mavjudotlar ham unga qo‘shilgan. Ular jinlar deb ataladi. Bu yovuz ruhlar o‘z qudratidan odamlarni yo‘ldan ozdirish va Yaratuvchidan uzoqlashtirish uchun foydalanishadi. Ularning ta’sirida ko‘pchilik yomon ishlar qiladi. (Zabur 106:35–38; 1 Timo‘tiyga 4:1) Shayton va jinlar odamlarga azob-uqubat keltirishdan zavqlanadi.

Ba’zan noto‘g‘ri qarorlarimiz oqibatida azob chekamiz

«Inson nima eksa, shuni o‘radi». (GALATIYALIKLARGA 6:7)

Shayton butun dunyoga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani va bizga meros bo‘lib o‘tgan gunoh sababli, hammamiz qaysidir darajada azob chekamiz. Lekin gohida odamlar o‘zlari hayotini qiyinlashtirishadi. Qanday qilib? Noto‘g‘ri ishlar qilishganida yoki ahmoqona qarorlar chiqarishganida ko‘pincha ular yomonlik o‘rib olishadi, yaxshi ishlar qilishganida esa yaxshilik o‘rib olishadi. Misol uchun, er va ota rostgo‘y va mehnatkash bo‘lsa hamda oiladagilarini sevsa, ko‘plab yaxshi narsalarga erishadi va oilasini baxtli qiladi. Bordi-yu, u qimor o‘ynasa, ko‘p ichsa yoki dangasa bo‘lsa, o‘zini va oilasini kambag‘allikka duchor qilishi mumkin. Shunga Parvardigorimizga quloq solsak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. U ko‘plab yaxshi narsalarga ega bo‘lishimizni, jumladan, «tinch-osoyishta yashashimizni» istaydi. (Zabur 119:165)

«Oxirzamonda» yashayotganimiz uchun azob chekyapmiz

«Oxirzamonda... odamlar o‘zini sevadigan, pulparast,.. ota-onaga itoatsiz,.. o‘zini tuta bilmaydigan, shafqatsiz, yaxshilikdan nafratlanadigan... bo‘ladilar». (2 TIMO‘TIYGA 3:1–5)

Bugungi kunda ko‘p odamlar o‘zini yuqoridagi oyatlarda aytilganday tutyapti. Ularning bu xatti-harakatlari biz «oxirzamonda» yashayotganimizning dalillaridan biridir. Qolaversa, Muqaddas Yozuvlarda ushbu davr urushlar, kuchli zilzilalar va kasalliklar bilan ajralib turishi bashorat qilingan. (Matto 24:3, 7, 8; Luqo 21:10, 11) Bular esa ko‘p azob-uqubatlar va o‘limga sabab bo‘lyapti.