Havoriylar 17:1-34

  • Pavlus va Sila Salonikada (1-9)

  • Pavlus va Sila Veriyada (10-15)

  • Pavlus Afinada (16-22a)

  • Pavlusning Areopagdagi nutqi (22b-34)

17  Ular Amfipol va Apolloniyadan o‘tib, Salonika* shahriga yetib kelishdi+. U yerda yahudiylarning ibodatxonasi bor edi.  Pavlus o‘zining odatiga ko‘ra+ u yerga kirib, uch hafta davomida har Shabbat kuni ular bilan Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara qildi+.  Masih azob chekib+ o‘lishi, keyin esa tirilishi kerak+ bo‘lganini tushuntirib, Muqaddas Yozuvlardan isbotlar keltirdi-da: «Bu Masih, men sizlarga va’z qilayotgan Isodir»,— deb aytdi.  Natijada yahudiylardan ba’zilari, shuningdek, Xudodan qo‘rqqan ko‘pgina yunonlar bilan bir qancha obro‘li ayollar ham Isoning izdoshi bo‘lib, Pavlus bilan Silaga+ qo‘shildilar.  Ammo hasadga to‘lgan yahudiylar+, bozor maydonidagi bekorchilar orasidan ayrim yovuz kishilarni yig‘ib, bir to‘da bo‘lishdi-da, shaharda to‘polon ko‘tarishdi. Ular Yasonning uyiga bostirib borib, Pavlus bilan Silani olomonning oldiga olib chiqmoqchi bo‘lishdi.  Ularni topolmay, Yasonni va ayrim birodarlarni shahar boshliqlarining oldiga sudrab borib, shunday deya baqirishdi: «Yer yuzini alg‘ov-dalg‘ov qilgan bu kishilar endi shu yerga ham kelishibdi+.  Yason esa ularga mehmondo‘stlik ko‘rsatibdi. Bu kishilarning bari Iso degan boshqa bir shoh to‘g‘risida gapirib, podshohimizning* farmoniga qarshi chiqishyapti»+.  Bu so‘zlarni eshitgan olomon va shahar boshliqlarining ichiga g‘ulg‘ula tushdi.  Oxiri Yasondan va boshqa birodarlardan garov olgach, ularni ozod etishdi. 10  Darhol, o‘sha kechasiyoq birodarlar Pavlus bilan Silani Veriya shahriga jo‘natishdi. U yerga yetib kelishgach, ular yahudiylarning ibodatxonasiga kirishdi. 11  Bu yerdagilar Salonika aholisidan farqli ravishda xolisona fikr yuritishardi. Ular Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan qabul qilib, aytilganlar to‘g‘rimi yoki yo‘qmi deya, Muqaddas Yozuvlarni kunda sinchkovlik bilan o‘rganishardi. 12  Shuning uchun, ulardan ko‘plari, shu qatorda obro‘li yunon ayol-u erkaklar ham Isoning izdoshi bo‘lishdi. 13  Pavlus Veriya shahrida ham Xudoning kalomini va’z qilayotganini eshitgan Salonikadagi yahudiylar u yerga ham kelib, xaloyiqni gijgijlab, Pavlusga qarshi qilib qo‘yishdi+. 14  Shunda birodarlar Pavlusni zudlik bilan dengiz sohiliga kuzatib qo‘yishdi+. Sila bilan Timo‘tiy esa o‘sha yerda qolishdi. 15  Pavlusni kuzatib qo‘ygan birodarlar u bilan Afinagacha borishdi. Sila bilan Timo‘tiy+ imkon qadar tezroq kelishsin, degan topshiriqni olgach, ular orqaga qaytishdi. 16  Pavlus Afinada Sila bilan Timo‘tiyni kutib turarkan, bu shaharning butlar bilan to‘lganini ko‘rib g‘ashi kelib ketdi. 17  Bundan keyin, u ibodatxonada yahudiylar va boshqa xudojo‘y kishilar bilan muzokara qila boshladi. Shuningdek, har kuni bozor maydoniga chiqib, duch kelgan odam bilan suhbatlashardi. 18  Ammo ayrim epikurchi* va stoik* faylasuflari Pavlus bilan bahslashib: «Bu mahmadona o‘zi nima demoqchi?» — deyishsa, boshqalari: «U yot xudolarning voiziga o‘xshaydi»,— deb aytishardi. Sababi Pavlus Iso va tirilish to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon qilardi+. 19  Shunda ular Pavlusni Areopagga* olib borib, shunday deyishdi: «Qanday yangi ta’limot haqida gapirayotganingizni bilsak bo‘ladimi? 20  Siz hayotimizda eshitmagan so‘zlarni gapiryapsiz. Biz ularning ma’nosini bilmoqchimiz». 21  Aslida afinaliklar va bu shaharda yashovchi musofirlar bo‘sh vaqtlarini biror yangi narsa haqda gapirishga yoki tinglashga sarflashardi. 22  Shunda Pavlus Areopagning+ o‘rtasida turib gap boshladi: «Ey afinaliklar, sizlar boshqalarga qaraganda har tomonlama xudojo‘y* kishilar ekansiz+. 23  Masalan, men shahardagi muqaddas qadamjolaringizni tomosha qilib yurganimda, ustida “Noma’lum Tangriga” deb yozib qo‘yilgan bir qurbongohga ko‘zim tushdi. Aynan sizlar bilmay turib sig‘inayotgan Xudo haqida men sizlarga va’z qilyapman. 24  Dunyoni va undagi barcha narsani yaratgan Alloh, yer-u osmonning Rabbi+, qo‘l bilan qurilgan ma’badlarda yashamaydi+. 25  U biror narsaga muhtoj emaski+, Unga inson qo‘llari bilan xizmat qilib bo‘lsa. Chunki Uning O‘zi hammaga hayot, nafas+ va barcha narsani berib kelmoqda. 26  Butun yer yuzida yashasinlar deb+, Xudo barcha millatlarni bir odamdan vujudga keltirdi+. Shuningdek, tayinlangan vaqtlarning hamda odamlar yashaydigan joylarning chegarasini belgilab qo‘ydi+. 27  Chunki Alloh, odamlar Uni astoydil izlab topishlarini xohlaydi+. Zero U har birimizga yaqindir. 28  Zotan, biz U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz. O‘z shoirlaringizdan ba’zilari aytganidek: “Biz ham Uning avlodimiz”. 29  Bizlar Tangrining avlodi ekanmiz+, Uni inson aqli va ustaligi bilan yasalgan oltinga, kumushga yoki biror toshga o‘xshatmasligimiz kerak+. 30  Garchi Xudo bir zamonlar odamlar bilimsiz yurishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da+, hozir har yerdagi insonlarni tavbaga chaqiryapti. 31  Boisi, U O‘zi tayinlagan zot orqali, butun yer yuzini adolat bilan hukm qiladigan kunni belgilab qo‘ygan+. Barcha odamlar bu kun kelishiga amin bo‘lishlari kerak, chunki Tangri o‘sha zotni tiriltirdi»+. 32  Ular tirilish haqida eshitgandan keyin ba’zilari uni masxara qilishar+, boshqalari esa: «Mayli, keyingi safar bu haqda gapirganingda, seni tinglaymiz»,— deyishardi. 33  Shunda Pavlus u yerdan ketdi. 34  Ammo ba’zilar Pavlusning orqasidan borib, Isoning izdoshi bo‘lishdi. Ularning orasida Areopagda hakamlik qiladigan Dionis, Damar ismli ayol va boshqalar bor edi.

Izohlar

Yoki «Saloniki».
Yoki «qaysarning». Yun. sezar.
Yoki «xudolardan qo‘rqadigan».