Asosiy materiallarga o‘tish

«Ko‘z evaziga ko‘z» nima degani?

«Ko‘z evaziga ko‘z» nima degani?

Muqaddas Kitob asosida javob

 «Ko‘z evaziga ko‘z» qonunini Xudo qadimda Isroil xalqiga Muso payg‘ambar orqali bergan. Bu qonunni Iso Masih ham Tog‘dagi va’zida takrorlab o‘tgan. (Matto 5:38; Chiqish 21:24, 25; Qonunlar 19:21) Bu, jinoyatchi hukm qilinayotganda jazo uning qilmishiga yarasha bo‘lishi kerakligini anglatgan a.

 Bu qonun qasddan ziyon keltirgan kishini hukm qilayotganda qo‘llanilgan. Qasddan jinoyat sodir etgan kishi to‘g‘risida Musoning Tavrot kitobida quyidagicha yozilgan: «Shikast evaziga shikast, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish. U boshqa insonga qanaqa jarohat yetkazsa, unga ham xuddi shunaqa jarohat yetkazilsin». (Levilar 24:20)

 «Ko‘z evaziga ko‘z» qonuni nima maqsadda berilgan?

 «Ko‘z evaziga ko‘z» haqidagi qonun kishiga shaxsan qasos yoki o‘ch olish huquqini bermagan. Bu qonun hakamlarga hukm chiqarganda haddan oshiq shafqatsiz bo‘lmaslikka yoki ko‘ngilchanlik qilmaslikka yordam bergan.

 Bu qonun boshqalarga qasddan zarar yetkazishni niyat qilgan yoki buni amalga oshirishni rejalashtirgan har qanday kishiga ogohlantiruv bo‘lgan. Tavrotda shunday tushuntirilgan edi: «Shunda buni eshitgan har kim [Xudoning adolati namoyon bo‘layotganini kuzatayotganlar] qo‘rqib qoladi va orangizda hech kim bunday yomon ishga aslo qo‘l urmaydi». (Qonunlar 19:20)

 Bu qonun masihiylarga ham tegishlimi?

 Yo‘q. Mazkur qonun masihiylarga tegishli emas. U Musoning Tavrot kitobida keltirilgan edi, lekin Isoning to‘lov qurbonligi bu qonunni bekor qildi. (Rimliklarga 10:4)

 Shunday bo‘lsa ham, mazkur qonun Allohning fikrlash tarzini ko‘proq tushunishimizga ko‘maklashyapti. Masalan, undan Xudo haqqoniyatni sevishini ko‘ryapmiz. (Zabur 89:14) Qolaversa, bu Xudoning adolat borasidagi me’yorini, ya’ni gunohkorlar yetarlicha jazolanishi kerakligini ochib beryapti. (Yeremiyo 30:11)

 «Ko‘z evaziga ko‘z» qonuni borasidagi noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: «ko‘z evaziga ko‘z» qonuni haddan tashqari shafqatsiz edi.

 Fakt: bu qonun faqatgina adolatni ko‘zlab, shafqatsizlik yoki zolimlik bilan amalga oshirilmagan. Aksincha, mazkur qonun to‘g‘ri qo‘llanilganda xolis hakamlar jazo chiqarishdan avval, birinchi navbatda, vaziyatni har tomonlama ko‘rib chiqishga va qilmish qanchalik qasddan qilinganiga diqqat qaratishgan. (Chiqish 21:28–30; Sahroda 35:22–25) Shu yo‘sin, «ko‘z evaziga ko‘z» qonuni jazoni haddan tashqari oshirib yubormaslikka yordam bergan.

 Noto‘g‘ri fikr: «ko‘z evaziga ko‘z» qonuni kishiga istagancha qasos olishga vakolat bergan.

 Fakt: Musoning Qonunida: «Xalqingiz o‘g‘illaridan o‘ch olmanglar va ularga kek saqlamanglar», deb yozilgan edi. (Levilar 19:18) Bu qonun o‘ch olish vakolatini bermagan. Aksincha, u Xudoga tayanishga hamda noto‘g‘ri yo‘l tutganlarni jazolash uchun Xudo o‘rnatgan qonuniy tizimga ishonishga undagan. (Qonunlar 32:35)

a Ba’zida lotincha leks talionis iborasi ostida ishora qilingan mazkur huquqiy prinsip ayrim qadimiy jamiyatning qonuniy tizimlarida ham topilgan.