Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitobda o‘zimizni sevishimiz haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitobda o‘zimizni sevishimiz haqida nima deyilgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas Kitobga ko‘ra, o‘zimizni sevishimiz yaxshi va hatto o‘zimizni o‘rinli darajada sevishimiz kerak. Kishi o‘zini yaxshi ko‘rsa, o‘ziga g‘amxo‘rlik qiladi, o‘zini hurmat qiladi va o‘z qadr-qimmatini biladi. (Matto 10:31) Muqaddas Kitobdan xudbin bo‘lishga emas, o‘zimizni to‘g‘ri ma’noda sevish kerakligiga o‘rgana olamiz.

Avvalo kimni yaxshi ko‘rishimiz kerak?

  1.   Avvalo Xudoni yaxshi ko‘rishimiz lozim. Muqaddas Kitobda quyidagi eng muhim amr haqida yozilgan: «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz... bilan seving». (Mark 12:28–30; Qonunlar 6:5)

  2.   Ikkinchi eng muhim amrda esa: «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving»,— deb aytilgan. (Mark 12:31; Levilar 19:18)

  3.   Garchi Muqaddas Kitobda kishi o‘zini sevishi kerakligi haqida alohida amr bo‘lmasa-da, «yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving» degan amrga binoan, o‘rinli darajada o‘zimizni yaxshi ko‘rishimiz va hurmat qilishimiz tabiiy va foydalidir.

Iso avvalambor kimni yaxshi ko‘rgan?

 Iso ham Xudoni, ham yaqinini, ham o‘zini sevish borasida qay yo‘sin muvozanatli bo‘lish mumkinligini ko‘rsatib, shogirdlariga ham shunday yo‘l tutishni o‘rgatgan. (Yuhanno 13:34, 35)

  1.   Iso avvalambor Xudovand Yahovani sevgan va o‘zini Uning irodasini bajarish uchun bag‘ishlagan. U shunday deb aytgan: «Dunyo men Otamni sevishimni bilishi uchun, Otam menga buyurganiday qilyapman». (Yuhanno 14:31)

  2.   Iso yaqinlarini ham yaxshi ko‘rgan va buni ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish orqali ko‘rsatib, hatto o‘z hayotini ular uchun qurbon qilgan. (Matto 20:28)

  3.   U o‘zini ham o‘rinli darajada yaxshi ko‘rgan. Buni u dam olish, ovqatlanish va do‘stlari-yu uning shogirdi bo‘lmoqchi bo‘lgan kishilar uchun vaqt ajratish orqali ko‘rsatgan. (Mark 6:31, 32; Luqo 5:29; Yuhanno 2:1, 2; 12:2)

O‘zimizdan ko‘ra ko‘proq boshqalarni yaxshi ko‘rsak, o‘zimizni quvonchdan mahrum qilamizmi yoki qadrimizni yo‘qotamizmi?

 Yo‘q. Beg‘araz sevgi Manbai bo‘lmish Alloh bizni O‘ziga monand qilib yaratgan. (Ibtido 1:27; 1 Yuhanno 4:8) Demak, biz boshqalarga nisbatan sevgini ko‘rsata oladigan qilib yaratilganmiz. To‘g‘ri, o‘zimizni yaxshi ko‘rishimiz muhim. Lekin avvalambor Allohni sevib, boshqalarga savob ishlar qilishga intilsak, yanada baxtliroq bo‘lamiz. Muqaddas Kitobda: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb yozilgan. (Havoriylar 20:35)

 Ba’zilarning fikricha, baxtga erishish uchun avvalambor odam o‘zini sevishi darkor. Bunday kishilar uchun «yaqiningizni seving» so‘zlari «o‘zingizni seving» so‘zlariga almashib qolgan. Biroq so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra: «Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin»,— degan Muqaddas Kitobdagi dono maslahatga rioya qilgan kishilar sog‘lomroq va baxtliroqdir. (1 Korinfliklarga 10:24)