Asosiy materiallarga o‘tish

Pul rostdan ham har turli yomonlikning negizimi?

Pul rostdan ham har turli yomonlikning negizimi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Yo‘q. Muqaddas Kitobda pul yomon ekani va ko‘pincha u sababli barcha yomon narsalar sodir bo‘lishi haqida aytilmagan. «Pul — har turli yomonlikning negizi» degan ommabop fikr Muqaddas Kitobdan qisman olingan bo‘lib, insonni adashtirishi mumkin. Aslida esa, Muqaddas Kitobda «har turli yomonlikning negizi pulparastlikdir»,— deb aytilgan. (1 Timo‘tiyga 6:10)

 Muqaddas Kitobda pul haqida nima deyilgan?

 Muqaddas Kitobda pul, agar inson uni oqilona ishlatsa, foydali bo‘lishi va hatto «himoya berishi» mumkinligi to‘g‘risida yozilgan. (Voiz 7:12) Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda boshqalarga saxiylik ko‘rsatganlar, jumladan, kimgadir sovg‘a sifatida pul ulashganlar maqtab o‘tilgan. (Hikmatlar 11:25)

 Lekin shu bilan birga Muqaddas Kitobda pulni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerakligi haqida quyidagi ogohlantirish yozilgan: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar». (Ibroniylarga 13:5) Saboq shundaki, puldan to‘g‘ri foydalanib, boylik ketidan quvmasligimiz kerak, aksincha, bizga chindan ham zarur bo‘lgan, masalan, yegulik, kiyim va boshpana kabi narsalar bilan qanoat qilishga intilishimiz darkor. (1 Timo‘tiyga 6:8)

 Nima uchun Muqaddas Kitob pulparast bo‘lishdan ogohlantiryapti?

 Ochko‘z odamlar abadiy hayotdan bahramand bo‘lishmaydi. (Efesliklarga 5:5) Buning bir sababi shundaki, ochko‘zlik bu — butparastlikning, ya’ni soxta topinishning bir turidir. (Kolosaliklarga 3:5) Boshqa sababi esa shundan iboratki, ochko‘z inson istagan narsasini olish niyatida ko‘pincha odob-axloq me’yorlarini buzishga tayyor bo‘ladi. Hikmatlar 28:20 da: «Boyib ketishga oshiqqan... gunohga botadi»,— deb aytilgan. Bunday inson hattoki jinoyat sodir etishgacha, xususan, tovlamachilik, tamagirlik, firibgarlik, odam o‘g‘irlash yoki qotillikkacha borishi hech gap emas.

 Garchi pulparastlik yomon xatti-harakatlarga olib kelmasa ham, u ayrim salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Boyib ketish niyatida yurganlar esa vasvasaga tushib, tuzoqqa ilinib,.. ko‘p bema’ni va zararli istaklarga mubtalo bo‘ladilar». (1 Timo‘tiyga 6:9)

 Muqaddas Kitobda pul borasida berilgan maslahatlardan qanday foyda olishimiz mumkin?

 Agar axloqiy va ma’naviy qadriyatlarimizni pulni deb buzishdan qochsak, o‘z hurmatimizni saqlab, Allohning marhamatiga va ko‘magiga erishamiz. Xudoni mamnun qilishga astoydil intilganlar uchun U quyidagicha va’da bermoqda: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman». (Ibroniylarga 13:5, 6) Qolaversa, U bizni: «Sadoqatli kishi mo‘l-ko‘l baraka topadi»,— deb ishontirmoqda. (Hikmatlar 28:20)