Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM | NIKOH

Sabr-toqatni qanday rivojlantirsa bo‘ladi?

Sabr-toqatni qanday rivojlantirsa bo‘ladi?

«Nikohda er-xotinning sabri har kuni sinaladi. Turmush qurmagan bo‘lsangiz, sabr-toqat unchalik muhim emasday tuyulishi mumkin, lekin baxtli oilaviy hayotga erishish uchun bu fazilat o‘ta zarur». (Jon)

 Nega sabr-toqatli bo‘lishingiz kerak?

  • Turmushda jufti halolingizning nuqsonlari yanada ko‘proq ko‘rinishi mumkin.

    «Nikoh qurganingizdan biroz vaqt o‘tgach, turmush o‘rtog‘ingizning sizga unchalik yoqmaydigan tomonlariga diqqat qaratishni boshlashingiz hech gap emas. Salbiy nuqtai nazarga berilsangiz, sabr-toqatli bo‘lish oson bo‘lmaydi». (Jessina)

  • Sabr-toqatli bo‘lmasangiz, o‘ylamasdan gapirib yuborishingiz mumkin.

    «His-tuyg‘ularga juda tez berilaman, shuning uchun ba’zida bo‘lmag‘ur narsalarni aytib yuboraman. Sabrli bo‘lganimda edi, hayolimga kelgan birinchi narsani aytib yubormasdan, sukut saqlagan bo‘lardim». (Karmen)

    Muqaddas Kitobda: «Sevgi sabr-toqatli va mehribondir»,— deyilgan. (1 Korinfliklarga 13:4) Bir-birini sevgan insonlar sabrli bo‘lishi tabiiydek tuyulishi mumkin. Lekin bu har doim ham shunday emas. Yuqorida so‘zlari keltirilgan Jon quyidagicha davom etdi: «Har qanday yaxshi xislat bilan bo‘lganidek, sabr-toqatni rivojlantirishdan ko‘ra uni yo‘qotish osonroq. Sabr-toqatni rivojlantirish uchun jon kuydirish darkor».

 Qay yo‘sin sabr-toqatli bo‘la olasiz?

  • Kutilmagan vaziyat yuz berganida

    Misol. Turmush o‘rtog‘ingiz sizga ranjitadigan so‘zlarni aytdi. Sizda ham unga qo‘pol javob qaytarish istagi tug‘ilishi mumkin.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Arazchi bo‘lma, chunki gina-kudurat ahmoqlik belgisidir». (Voiz 7:9, izoh)

    Qay yo‘sin sabr-toqatni namoyon etish mumkin? Javob berishga shoshilmang. Turmush o‘rtog‘ingiz sizni ataylab ranjitmoqchi deb o‘ylamasdan, gaplarini to‘g‘ri tushunishga urinib ko‘ring. Bir kitobda shunday deyilgan: «Aksariyatimizga turmush o‘rtog‘imiz nima degani va nimani nazarda tutgani emas, balki uning gaplarini o‘zimiz qanday tushunganimiz ko‘proq ta’sir qiladi». («Fighting for Your Marriage»)

    Hatto umr yo‘ldoshingiz sizni ranjitgan bo‘lsa ham, sabrni namoyon etsangiz va yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmasangiz, vaziyatni yumshata olasiz. Axir Muqaddas Kitobda: «O‘tin bo‘lmasa olov o‘chadi»,— deb bejizga aytilmagan. (Hikmatlar 26:20)

    «Xotiningizga dushmandek qarashni boshlasangiz, to‘xtab, o‘zingizga uni nima uchun sevishingizni eslating va shu zahoti u uchun biror yoqimli narsa qiling». (Itan)

    O‘ylab ko‘ring:

    • Turmush o‘rtog‘ingiz sizni so‘zlari yoki ishlari bilan ranjitsa, bunga qanday munosabatda bo‘lasiz?

    • Qay yo‘sin keyingi safar sabr-toqatni ko‘proq namoyon etsangiz bo‘ladi?

  • Turmush o‘rtog‘ingiz xatosini qayta-qayta takrorlaganida

    Misol: Turmush o‘rtog‘ingiz hamisha kech qoladi. Uni nuqul kutishingizga to‘g‘ri kelgani uchun jahlingiz chiqadi.

    Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir-biringizga chidamli bo‘linglar va hatto kimningdir boshqadan arz qilishga sababi bo‘lsa, uni chin dildan kechirsin». (Kolosaliklarga 3:13)

    Qay yo‘sin sabr-toqatni namoyon etish mumkin? Ko‘proq o‘zingiz haqda emas, nikohingiz haqida o‘ylang. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Agar bo‘lib o‘tgan biror voqea dastidan xafa bo‘lib, turmush o‘rtog‘im bilan bahslashsam, bu munosabatimizga yaxshi ta’sir qiladimi yoki yomonmi?» Qolaversa, «barchamiz tez-tez xato qilib turishimizni» yodda tuting. (Yoqub 3:2) Bu siz ham kamchiliklaringiz ustida ishlashingiz lozimligini anglatadi.

    «Ba’zida erimga qaraganda do‘stlarimga nisbatan sabrliroq bo‘laman. Bu erim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazganim va uning kamchiliklarini yaxshi bilganim uchun bo‘lsa kerak. Lekin sabrli bo‘lish sevgining bir qirrasi va hurmat belgisi hisoblanadi. Sabr-toqatli bo‘lish nikohda muhim ekanini tushundim». (Nia)

    O‘ylab ko‘ring:

    • Jufti halolingizning kamchiliklariga nisbatan sabr-toqatli bo‘lyapsizmi?

    • Qay yo‘sin kelajakda ko‘proq sabrni namoyon eta olasiz?