Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Jang san’ati jon-u dilim edi»

«Jang san’ati jon-u dilim edi»
  • Tug‘ilgan yili: 1962

  • Mamlakati: Qo‘shma Shtatlar

  • O‘tmishda: jang san’atiga mukkasidan ketgan

OLDINLARI

Mashg‘ulotlar paytida raqibimni qo‘qqisdan jarohatlab qo‘ygandim, burniga tepib yuborgandim. Rosa vijdonim qiynardi, jang san’atiga chek qo‘yishim haqida o‘ylay boshladim. Nega o‘sha vaziyat dastidan shu qadar yaxshi ko‘rgan va hayotimning anchagina qismini bag‘ishlagan sportga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirdim? Avval, bu sohaga qanday kirib qolganimni aytib beray.

Men Buffalo shahrida (Nyu-York, AQSH) ulg‘ayganman. Ota-onam tinchliksevar katoliklar edi. Men katolik maktabida o‘qirdim va ruhoniyga qurbongoh oldida yordam berardim. Ota-onam opam va men hayotda muvaffaqiyatli bo‘lishimizni xohlashgan. Shuning uchun, maktabdan so‘ng sport bilan shug‘ullanishga va yarim kun ishlashga ruxsat berishgan. Shu bilan birga yaxshi baholarga o‘qishim kerak edi. Bu tufayli bolaligimdanoq o‘zimni intizomga bo‘ysundirishga odatlanganman.

17 yoshimda jang san’atiga kirib ketdim. Ko‘p yillar mobaynida haftada olti kun, har kuni uch mahal mashq qilardim. Har hafta shuningdek, ko‘p soatlar davomida ong mashg‘ulotlarini o‘tkazib, yaxshilanish maqsadida videolar tomosha qilardim. Ko‘z bog‘langan holda, hatto qurol-aslahalar bilan mashq qilish jon-u dilim edi. Bittagina zarba bilan taxta yoki g‘ishtni sindira olardim. Natijada, eng zo‘r sportchilarning biriga aylanib, musobaqalarda mukofotlarni qo‘lga kiritdim. Jang san’ati hayotim mazmuniga aylangan edi.

O‘zimni muvaffaqiyatli deb o‘ylardim. Universitetni ham a’lo baholarga bitirdim. So‘ng mashhur bir kompaniyada kompyuterlar muhandisi bo‘lib ishlardim. Kompaniyada mukofot puli berilardi, uy sotib oldim va bitta qiz bilan uchrashardim. Chetdan qaraganda, baxtli hayot kechirardim, lekin unday emas edi. Chunki hayot mazmuni haqidagi savollar tinchlik bermasdi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Javoblar topish uchun haftada ikki marta cherkovga boradigan bo‘ldim va Xudodan yordam so‘rardim. Bir safar oshnam bilan qurgan suhbat hayotimni o‘zgartirib yubordi. Men: «Hayot mazmuni nimada, deb o‘ylab ko‘rganmisan? Hayotimiz muammo-yu nohaqlikka to‘lib-toshgan»,— dedim. U xuddi shunday narsalar haqida o‘ylaganini va Muqaddas Kitob asosida qoniqarli javoblar topganini aytdi. U menga «Yer yuzidagi jannatda abadiy yashay olasiz» * degan kitobni berib, Muqaddas Kitobni Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq qilayotganini aytdi. Boshida ikkilandim, boshqa din adabiyotlarini o‘qimasligim kerak, deb o‘ylardim. Ammo savollarimga javob topish istagim barcha shubhalardan ustun keldi. «Yahovaning Shohidlari mantiqan to‘g‘ri fikr yuritishyaptimikin?» — deb qiziqib qoldim.

Muqaddas Kitobda yozilgan ta’limotlar meni lol qoldirdi. Xudoning insonlar uchun ilk niyati ular yer yuzida abadiy yashashidan iborat ekanini va bu niyati o‘zgarmaganini bilib oldim. (Ibtido 1:28) O‘zimda bor bo‘lgan «Qirol Jeyms Bibliyasi» nashridan Xudoning ismi Yahova va u men aytadigan namunali ibodatimdagi ism ekanini bilib hayratda qolgan edim. (Zabur 83:18; Matto 6:9) Qolaversa, nega Tangri odamlar azob chekishiga yo‘l qo‘yganini ham oxir-oqibat tushundim. Bilib olgan hamma narsam mantiqan to‘g‘ri edi! Hayratda edim.

Yahova Shohidlarining yig‘ilishiga birinchi borganim hali ham esimda. Hamma xushmuomala bo‘lib, men bilan tanishardi. Ma’ruzachi Xudo ibodatlarni eshitib, ularga javob berishi uchun qanday ibodat qilish kerakligi to‘g‘risida aytib bergan edi. Bu men uchun juda qiziq edi, sababi Xudoga tez-tez ibodat qilib yordam so‘rardim. Keyin Qutlug‘ Kechlik marosimiga bordim. Yig‘ilishlarda bolalar ham Muqaddas Kitobni ochib, oyatlarni o‘qiganini ko‘rib taajjublanardim. Avval, oyatlarni qanday topish mumkinligini bilmasdim, ammo Yahovaning Shohidlari mehribon bo‘lib, meni Muqaddas Kitobdan foydalanishga o‘rgatishdi.

Borgan sayin Yahova Shohidlarining yuqori sifatli ta’lim berish usulini qadrlay boshladim. Har bir yig‘ilishda yangi bir narsani bilib olardim va doim taskin topardim. So‘ng menga Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni taklif qilishdi.

Cherkovda ko‘rganlarim Yahovaning Shohidlari orasida ko‘rgan barchasidan tubdan farq qilardi. Ular yakdil bo‘lib, Xudoni mamnun qilish niyatida qo‘lidan kelganini qilishga jon kuydirishardi. Ularning orasida haqiqiy masihiylarni oshkor etadigan bir belgi, ya’ni mehr-muhabbat borligiga ishonch hosil qildim. (Yuhanno 13:35)

Muqaddas Kitobni tadqiq qilganim sari, undagi me’yorlar asosida yashash uchun hayotimga o‘zgarishlar kirita boshladim. Biroq jang san’atiga umrimda ham chek qo‘yaman, deb o‘ylamagan edim. Mashq qilishni va musobaqalarni rosa yaxshi ko‘rardim. Bir kuni bu haqida men bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan birodarga aytdim. U mehr ila: «Tadqiq qilishni davom etib turaylik. Siz to‘g‘ri qaror chiqarishingizga aminman»,— deb javob berdi. Bu, eshitishim kerak bo‘lgan so‘zlar edi. Haqiqatdan ham, tadqiq qilganim sayin, Tangri Yahovani mamnun qilish istagim kuchayib borardi.

Yuqorida, raqibimning burnini jarohatlaganim haqida aytib o‘tgan voqea hayotimni keskin o‘zgartirdi. O‘shandan keyin, jang san’ati bilan shug‘ullanishni davom ettirsam, Iso Masihning tinchliksevar izdoshi bo‘la olamanmi, deb jiddiy o‘ylay boshladim. Ishayo 2:3, 4ga binoan, Yahovaning qonunlari bo‘yicha yashaydiganlar «jang qilishni boshqa o‘rganmaydi». Iso Masih ham hatto boshqalar nohaq yo‘l tutganda, zo‘ravonlikka qo‘l urmaslikka o‘rgatgan. (Matto 26:52) Shuning uchun, rosa yaxshi ko‘rgan sportga chek qo‘ydim.

So‘ng esa, Muqaddas Kitobdagi «xudojo‘ylik yo‘lida mashq qil», degan maslahatga amal qilardim. (1 Timo‘tiyga 4:7) Hozir, oldinlari jang san’atiga ketkazgan vaqt hamda kuchimni Xudoga ko‘proq yaqinlashishga va Unga xizmat qilishga sarflayapman. Uchrashib yurgan qiz men Muqaddas Kitobdan bilib olganlarimga qo‘shilmadi, shuning uchun aloqani uzdik. 1987-yili 24-yanvarda Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim. Vaqt o‘tib, to‘la vaqtli xizmatni boshlab, boshqalarga Muqaddas Kitob asosida ixtiyoriy ravishda ta’lim beradigan bo‘ldim. O‘shandan beri to‘la vaqtli xizmatimni davom ettiryapman. Shuningdek, Yahova Shohidlarining xalqaro bosh idorasida (Nyu-York, AQSH) mehnat qilganman.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Xudo to‘g‘risida haqiqatni bilib oldim. Hayotim behuda o‘tib ketayotganini his etmayapman. Aksincha, hayot mazmuniga egaman va kelajakka nisbatan qat’iy umidim bor, chin dildan baxtiyorman. Hozir ham mashq qilib turaman, ammo jismoniy mashqlar endi birinchi o‘rinda emas. Men uchun birinchi navbatda Tangri Yahovaga xizmat qilish.

Jang san’ati bilan shug‘ullanganimda, doim hushyor bo‘lib yurardim, chunki kimdir menga hujum qilishi mumkin, degan fikrda edim. Hozir ham hushyorman, biroq boshqa sababga ko‘ra, ularga yordam bermoqchiman. Muqaddas Kitob tufayli saxiy insonga aylandim. Go‘zal rafiqam Brenda uchun g‘amxo‘r er bo‘la olyapman.

To‘g‘ri, jang san’ati jon-u dilim edi. Lekin undan ham yaxshiroq narsani topdim. Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Jismoniy mashq oz foyda keltiradi. Ammo xudojo‘ylik har narsa uchun foydalidir, zero u hozirgi va kelajak hayotga tegishli va’dalarni o‘z ichiga olgan». (1 Timo‘tiyga 4:8)

^ 5- x.b. Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan, hozir esa chop etilmaydi.