Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘NINCHI BOB

Ilohiy zotlarning ta’siri

Ilohiy zotlarning ta’siri
  • Farishtalar bizga yordam berishadimi?

  • Yovuz ruhlar bizga qanday ta’sir qilishadi?

  • Yovuz ruhlardan qo‘rqish kerakmi?

1. Nima sababdan farishtalar haqida bilib olish darkor?

AGAR kimnidir yaxshiroq bilishni xohlasangiz, uning yaqinlari kim ekan, deb qiziqmaysizmi? Albatta. Xuddi shu kabi Egamiz Yahovani yaqindan bilishni xohlasak, Uni qurshab turgan farishtalar haqida bilib olishimiz darkor. Muqaddas Kitobda ular shuningdek ilohiy zotlar deb ataladi (Ayub 38:7). Xo‘sh, Xudoning niyatlarida ular qanday ishtirok etishadi? Insoniyat tarixiga ularning qo‘li tekkanmi? Ularning hayotimizga ta’siri qanday?

2. Farishtalar qanday vujudga kelgan va ularning soni nechta?

2 Muqaddas Kitobda farishtalar to‘g‘risida yuzlab marotaba aytilgan. Keling, ular haqida ba’zi oyatlarni ko‘rib chiqaylik. Avvalo, ular qanday vujudga kelganlar? Injilda shunday deyilgan: «Ko‘kdagi va yerdagi borliq mavjudot... U [Iso Masih] orqali yaratilgan» (Kolosaliklarga 1:16). Ko‘rinyaptiki, ko‘kdagi mavjudot, ya’ni farishtalar, Yahova Taoloning ilk ijodi bo‘lmish Iso Masih orqali vujudga kelganlar. Bo‘lmasa, ularning soni nechta? Muqaddas Kitobda aytilishicha ushbu botir malaklarning soni yuz millionlarni tashkil etadi (Zabur 102:20) *.

3. Farishtalar haqida nimani bilib oldik?

3 Yerning poydevori solinganida hamma farishtalar tarannum etishgan, deb aytiladi Muqaddas Kitobda (Ayub 38:4–7). Demak odam va hatto yer bo‘lmasidan avval farishtalar mavjud edi. Ular tarannum etishar ekan, demak his-tuyg‘ulari bor. Shuningdek, hamma farishtalar tarannum etishiga e’tibor bering. Bundan ko‘rinadiki, bir vaqtlar hamma farishtalar yakdillikda Yahovaga xizmat qilishar edi.

FARISHTALARNING YORDAMI VA HIMOYASI

4. Farishtalar insoniyat oilasi bilan qiziqishini Muqaddas Kitob qanday ko‘rsatmoqda?

4 Odam yaratilgandan buyon farishtalar insoniyat oilasi bilan qiziqishar hamda Xudoning irodasi yerda qanday bajo kelishini orzu bilan kuzatib turishar edi (Hikmatlar 8:30, 31; 1 Butrus 1:11, 12). Ko‘p insonlar mehribon Parvardigordan yuz o‘girib, Unga xizmat qilishdan voz kechganlarida ham farishtalar buni ko‘rib qayg‘urishgan. Lekin Yahovaga qaytgan bitta gunohkor uchun «Xudo farishtalari huzurida shodlik bo‘ladi» (Luqo 15:10). Farishtalar insoniyat uchun shunchalar qayg‘urar ekan, Yahova ularni qayta-qayta O‘z xizmatchilariga yordam berish hamda himoya qilish uchun yuborar edi (Ibroniylarga 1:7, 14). Keling, ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

«U [Xudo] farishtasini yuborib sherlarning og‘izlarini berkitib qo‘ydi» (Doniyor 6:22)

5. Muqaddas Kitob bayonotidan farishtalarning qanday yordamini ko‘rib chiqdik?

5 Razillashgan Sado‘m bilan G‘amo‘ra shaharlari Xudoning g‘azabiga yo‘liqqanida, Allohning ikkita farishtasi taqvodor bo‘lgan Lut va uning qizlarini omon saqlab qolishgan (Ibtido 19:15, 16). Asrlar osha Doniyor payg‘ambar sherlar uyasiga tashlangan bo‘lsa-da, hech qanday ziyon ko‘rmay: «U [Xudo] farishtasini yuborib sherlarning og‘izlarini berkitib qo‘ydi»,⁠— deb aytgan edi (Doniyor 6:22). Milodiy I asrda bir farishta aziz havoriy Butrusni zindondan ozodlikka chiqardi (Havoriylar 12:6–11). Iso Masihning yerdagi xizmati davrida farishtalar unga xizmat qilishardi (Mark 1:13). Masalan, Isoning o‘limi yaqinlashib qolganida bir farishta uni «quvvatlab turdi» (Luqo 22:43). Bu paytda Iso aynan shunday taskinga muhtoj edi!

6. a) Hozirgi vaqtda farishtalar Xudoning xizmatchilarini nimadan himoya qiladi? b) Qanday savollarni ko‘rib chiqamiz?

6 Hozirgi vaqtda farishtalar odamlarga zohir bo‘lmaydilar. Shunga qaramay ular Xudoning xizmatchilarini, avvalo ruhiy-ma’naviy ziyonlardan himoya qiladilar. Zaburda quyidagini o‘qiymiz: «Xudovandning farishtasi mo‘minlar atrofida qarorgoh qurgan, Undan qo‘rqqanlarni O‘zi xalos etar» (Zabur 33:8). Nahotki bu so‘zlar bizga tasalli bermasa? Albatta! Lekin bizni halok qilmoqchi bo‘lgan yovuz ruhlar ham mavjud. Ular kim ekan? Ular qayerdan kelib chiqqan? Ular bizga qanday ta’sir qilishi mumkin? Bu savollarga javoblar topish uchun, keling avvalo insoniyatning ibtidosida nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik.

BIZGA DUSHMAN BO‘LGAN ILOHIY ZOTLAR

7. Shayton o‘z isyonida qanchalik muvaffaqiyatga erishdi?

7 Kitobning 3- bobidan bilib olganimizday, farishtalardan biri hokimlik qilishni istab, Xudoga qarshi isyon ko‘tardi. Keyinchalik u — Shayton va Iblis deb ataladigan bo‘ldi (Vahiy 12:9). Ilk bor Momo Havoni yo‘ldan urib, Shayton fitnasini davom ettirdi. Qariyb 16 asr mobaynida Shayton deyarli barcha insonni Xudoga qarshi qayrab qo‘ydi. Bundan mustasno taqvodor Hobil, Hano‘x va Nuh payg‘ambarlar edi (Ibroniylarga 11:4, 5, 7).

8. a) Qanday qilib ba’zi ilohiy zotlar jinlarga aylanib qolishdi? b) Buyuk To‘fondan omon qolish uchun, jinlar nima qilishga majbur bo‘lishdi?

8 Nuh payg‘ambar davrida esa boshqa farishtalar ham Yahovaga qarshi chiqishdi. Ular o‘z samoviy makonini tark etib, yerga tushishdi-yu, inson qiyofasiga kirishdi. Nega deysizmi? Javobini Tavrotdan o‘qiymiz: «Ilohiy zotlar esa odamzod qizlarining juda yaxshiligini ko‘rib, istaganlarini xotinlikka oladigan bo‘ldilar» (Ibtido 6:2). Biroq, Yahova bu qabihlikka qarab turolmas edi, chunki ular tobora odamlarni axloqan buzishar edi. Xudo yer yuziga Buyuk To‘fon yog‘dirib, barcha betavfiqlarni g‘arq qildi. Faqatgina solih bandalari saqlanib qolishdi (Ibtido 7:17, 23). Jinlar deb atalgan ushbu ilohiy zotlar esa insoniy tanalaridan chiqib, osmonga qaytishga majbur bo‘lishdi. Ular «jinlar boshlig‘i» bo‘lmish Shaytonning tarafida harakat qila boshlashdi (Matto 9:34).

9. a) Jinlar osmonga qaytganida nima yuz berdi? b) Nimani ko‘rib chiqishimiz kerak?

9 Jinlar osmonga qaytganida, Xudo ularni Shayton bilan birga O‘z huzuridan chetlantirdi (2 Butrus 2:4). Bugungi vaqtda jinlar inson qiyofasiga kira olmasa-da, yovuzlikdan qaytishgani yo‘q. Shayton aynan ular orqali «butun dunyoni aldab yo‘ldan ozdiryapti» (Vahiy 12:9; 1 Yuhanno 5:19). Jinlarning odamlarga qarshi qo‘llagan ba’zi fitnalari bor (2 Korinfliklarga 2:11). Keling ulardan ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

JINLARNING FITNALARI

10. Spiritizm nima o‘zi?

10 Odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun jinlar spiritizmdan foydalanmoqda. Spiritizm — bu shaxsan yoki vositachi orqali yovuz ruhlar bilan aloqada bo‘lishdir. Muqaddas Kitob spiritizmni qoralab, uning barcha usullaridan bizni ogohlantirmoqda (Galatiyaliklarga 5:19–21). Baliqchi baliq ovlash uchun har xil usullardan foydalangani kabi, jinlar ham spiritizmning turli usullaridan foydalanib, insonlarni to‘rga ilintirishmoqda.

11. Folbinlikka nima kiradi, va nega undan chetlanishimiz lozim?

11 Spiritizmning bir usuli — folbinlikdir. Folbinlik nima o‘zi? Folbinlik — bu biror narsaga, masalan qo‘l, kitob, karta yoki oynaga qarab, kishi bilishga qiziqqan narsa yoki hodisalarni go‘yo oldindan aytib berishdir. Folbinlikka shuningdek, munajjimlik va tushlarni ta’bir etish kiradi. Ko‘plari bu ishlarning hech qanday ziyoni yo‘q deb o‘ylashsa ham, Muqaddas Kitob fol ochuvchilarning ortida jinlar turishini ko‘rsatmoqda. Masalan, Injilda quyidagi voqeani o‘qiymiz: «Ichida folchilik ruhi bo‘lgan bir cho‘ri» oldindan aytish mahoratiga ega edi. Ammo ruh, ya’ni jin cho‘rining tanasidan chiqib ketganida, u o‘z mahoratidan judo bo‘ldi (Havoriylar 16:16–18).

Jinlar turli usullar bilan insonlarni to‘rga ilintirmoqda

12. Nega o‘lganlar bilan muloqotda bo‘lish o‘ta xavflidir?

12 Odamlarni chalg‘itish uchun jinlarning yana bir fitnasi bor. Bu ham bo‘lsa, o‘lganlar bilan muloqotda bo‘lishdir. Yaqinidan judo bo‘lgan insonlar qayg‘u chekib, ba’zida bu fitnaning tuzog‘iga ilinadilar. Jinlar bilan aloqa qilgan vositachilar, o‘lgan odamning tovushi bilan gapirish va o‘zgacha ma’lumot berish qobiliyatiga ega. Shunda ko‘plari, marhum hayotini boshqa muhitda davom etyapti deb o‘ylab, qayg‘usidan taskin topishadi. Ammo bu kabi aldamchi «taskinlar» o‘ta xavflidir. Nega deysizmi? Chunki vositachiga bu qobiliyatlarni bergan aynan jinlardir (1 Shohlar 28:3–19). Shuningdek 6- bobdan bilib olganimizday odam o‘lgandan keyin umuman yo‘q bo‘lib ketadi-ku (Zabur 113:25). Xullas, o‘lganlar bilan muloqotda bo‘lganlar jinlar tomonidan aldanib, Xudoning qonuniga qarshi chiqqan bo‘ladilar (Amrlar 18:10, 11; Ishayo 8:19). Bunday tuzoqqa tushib qolishdan ehtiyot bo‘ling.

13. Jinlar tomonidan vahimaga solingan minglab insonlar nimani uddalay olishdi?

13 Jinlar odamlarni aldabgina qolmay, vahimaga ham solishadi. Shayton hamda jinlar «vaqt oz qolganini» va yaqin orada kishanlab qo‘yilishini bilib, «mudhish qahr-g‘azab ila» harakat qilyaptilar (Vahiy 12:12, 17). Shunga qaramay, jinlar tomonidan vahimaga solingan minglab insonlar ularning ta’siridan ozod bo‘ldilar. Ular buni qanday qilib uddalay olishgan ekan? Spiritizm bilan shug‘ullanganlar bunday ofatdan qutulish uchun nima qilishlari lozim?

YOVUZ RUHLARGA QARSHI TURING

14. Spiritizmdan chetlanish uchun Efes shahridagi masihchilar bizga qanday namuna ko‘rsatishdi?

14 Jinlarning ta’siridan ozod bo‘lish hamda ularga qarshi turish usuli Muqaddas Kitobda qalamga olingan. Keling, Efes shahridagi ilk masihchilarning namunasini ko‘rib chiqaylik. Masihchilikni qabul qilishdan avval ulardan ba’zilari spiritizm bilan shug‘ullanishar edi. Spiritizmdan chetlanish uchun ular nima qilgan ekan? Injilda quyidagini o‘qiymiz: «Sehrgarlik qilganlardan ko‘pchiligi o‘z kitoblarini to‘plab, hammaning ko‘z o‘ngida yondirdilar» (Havoriylar 19:19). Sehrgarlik kitoblarini yondirib, ular bizga judayam yaxshi o‘rnak qoldirishdi. Agar Haq Yahovaga xizmat qilishni xohlasak, spiritizm bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsalardan, shu jumladan: kitob, jurnal, film, plakat va musiqa asarlaridan xalos bo‘lishimiz darkor. Shuningdek yomon ko‘zdan asrash maqsadida taqiladigan ko‘zmunchoq, tumor va shu kabi narsalardan chetlanishimiz kerak (1 Korinfliklarga 10:21).

15. Qanday qilib yovuz ruhlarga qarshi turish mumkin?

15 Efesdagi masihchilar sehrgarlik kitoblarini yondirganidan bir necha yil so‘ng, havoriy Pavlus ularga: «Bizning kurashimiz... yovuz ruhiy kuchlarga... qarshidir»,⁠— deb yozgan edi (Efesliklarga 6:12). Ko‘rinyaptiki, jinlar bo‘sh kelmay, g‘olib chiqish uchun kurashar ekan. Xo‘sh, bunda masihchilarga nima yordam berar ekan? «Imon qalqonini qo‘lga olinglar, u bilan yovuz shaytonning qizdirilgan hamma o‘qlarini o‘chira olasizlar»,⁠— deb maslahat beradi Pavlus (Efesliklarga 6:16). Imon qalqonimiz qanchalik mustahkam bo‘lsa, yovuz ruhlarga qarshi turish shunchalik oson bo‘ladi (Matto 17:20).

16. Imonni qanday qilib mustahkamlash mumkin?

16 Lekin imonni qanday qilib mustahkamlash mumkin? Muqaddas Kitobni tadqiq qilishda davom eting. Devorning mustahkamligi uning poydevoriga bog‘liq bo‘lgani kabi, imonimizning mustahkamligi Muqaddas Kitobga asoslangan bilimga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham, Muqaddas Kitobni har kuni o‘qib, tadqiq qilsak imonimiz mustahkam bo‘ladi. U xuddi mustahkam devor kabi bizni yovuz ruhlar ta’siridan himoya qiladi (1 Yuhanno 5:5).

17. Jinlar ta’siridan xalos bo‘lish uchun qanday qo‘shimcha madadga muhtojmiz?

17 Efesdagi masihchilar yana nima qilishlari lozim edi? Ular qo‘shimcha madadga muhtoj edi, chunki ular jinlar ta’siri ostida bo‘lgan shaharda yashar edi-da. Shu sababli Pavlus ularga: «Har turli duo va yolvorishlar bilan... har doim ibodat qilinglar»,⁠— deb yozgan edi (Efesliklarga 6:18). Biz ham jinlar ta’siri ostida bo‘lgan dunyoda yashar ekanmiz, Tangrimiz Yahovaga, bizni jinlardan xalos etgin deb, yolvorib ibodat qilishimiz darkor. Yahovaning ismini chaqirib ibodat qilaylik (Hikmatlar 18:10). Shuningdek, «yovuz shaytondan xalos qilgin», deb ibodat qilish lozim (Matto 6:13). Shunda samimiy iltijolarimiz ijobat bo‘ladi (Zabur 144:19).

18, 19. a) Yovuz ruhlardan ustun chiqish uchun nima yordam beradi? b) Keyingi bobda qaysi savollarni muhokama qilamiz?

18 To‘g‘ri, jinlarning ta’siri xavfli, ammo Iblisga qarshi turib, Xudoning irodasini bajarib Unga yaqinlashsak, ulardan hech ham qo‘rqmasligimiz mumkin (Yoqub 4:7, 8). Jinlarning ta’siri cheklangan. Nuh payg‘ambar davrida ular jazolangan edi, endi esa oxirgi hukmni kutishyapti (Yahudo 6). Yahovaning botir farishtalari bizni himoya qilayotgani ham yodingizda bo‘lsin (4 Shohlar 6:15–17). Ular jinlarga qarshi urushda g‘olib chiqishimizni xohlaydilar. Xudoning ushbu malaklari, majoziy ma’noda biz uchun jon kuydirishyapti. Xullas, keling doimo Parvardigorimiz Yahovaga hamda Uni qurshab turgan farishtalariga yaqin bo‘laylik. Shuningdek, spiritizmning barcha usullaridan chetlanib, Muqaddas Kitob maslahatlariga rioya qilaylik (1 Butrus 5:6, 7; 2 Butrus 2:9). Aynan shunday yo‘l bilan yovuz ruhlardan ustun chiqqan bo‘lamiz.

19 Biroq, nega Alloh jinlarning mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan? Nega azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ygan? Bu savollarga javobni keyingi bobdan bilib olamiz.

^ 2- x.b. Bir oyatda, Xudoning farishtalari «ming-minglab, lak-lak edi», deb aytilgan (Vahiy 5:11). Xullas, Muqaddas Kitobda ta’kidlanishicha yuz millionlab farishtalar mavjud.