Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

OLTINCHI BOB

O‘limdan keyin hayot bormi?

O‘limdan keyin hayot bormi?
  • O‘limdan keyin nima sodir bo‘ladi?

  • Odamlar nega o‘ladilar?

  • Nega o‘lim to‘g‘risida haqiqatni bilsak, tasalli topgan bo‘lamiz?

1–3. Odamlarni qanday savollar bezovta qiladi va dindorlar qanday o‘zgacha javoblar berishmoqda?

MANA ming yillardan beri, bu muhim savollar insoniyatni qiziqtirib kelmoqda. Ha, ular juda muhim. Kim bo‘lishingizdan va qayerda yashashingizdan qat’inazar, bu savollarning javoblari sizga ham tegishli.

2 Avvalgi bobda, Iso Masih biz uchun jonini fido qilib, abadiy hayotga bo‘lgan imkoniyatni ochib berganini ko‘rdik. Shuningdek, kelajakda «o‘lim sira bo‘lmasligini» bilib oldik (Vahiy 21:4). Ammo hozir barchamiz o‘limga duchormiz. Hazrati Sulaymon deganlariday: «Hayot bo‘lganlar hech bo‘lmasa o‘lishlarini biladilar» (Voiz 9:5). Har kimning yashagisi kelar, lekin barchamizni shunday savol ham qiziqtiradi: o‘limdan keyin hayot bormi?

3 Yaqinlarimizning o‘limi juda dahshatli voqeadir. Ehtimol bizni: «O‘limdan keyin nima sodir bo‘ladi? O‘lganlar azob chekishadimi? Ular bizni kuzatib turishga qodirmi? Ularga yordam berishimiz mumkinmi? Qachon bo‘lmasin ularni yana ko‘ra olamizmi?» — degan savollar bezovta qiladi. Lekin dindorlar o‘zgacha javob berishadi. Masalan ulardan ba’zilari: «O‘lganidan so‘ng yaxshi odamlar osmonga, yomon odamlar esa olovli do‘zaxga ketishadi»,⁠— deb ta’kidlashadi. Boshqalar esa: «O‘lganlar narigi dunyoga, ota-bobolari yoniga borishadi»,⁠— deb aytishadi. Yana boshqalari esa: «O‘lganlar hukm qilinadi va so‘ng boshqa tanaga kirib hayotini davom etadi»,⁠— deyishadi.

4. Qaysi asosiy fikrga ko‘p dindorlar qo‘shiladi?

4 Ko‘p dindorlar bitta asosiy fikrga qo‘shiladi: odamning qaysidir qismi tana o‘limidan so‘ng hayotini davom etib, ko‘rish, eshitish va o‘ylash qobiliyatiga ega. Bunga qadim zamonlardan ishonib kelishgan. Lekin haqiqatan shundaymi? Odamning his-tuyg‘ulari uning miyasi bilan bog‘liq. Lekin odam o‘lsa uning miyasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi-ku. Shunda xotiralaru his-tuyg‘ular yo‘q bo‘lib ketadi, chunki miyasiz ular hech narsaga yaroqsiz.

O‘LIMDAN KEYIN NIMA SODIR BO‘LADI?

5, 6. O‘lganlarning holati to‘g‘risida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

5 Bu masala miyani yaratgan Parvardigor Yahovaga ma’lum. Va U, bu sirni Muqaddas Kitobda ochib bermoqda. Undan quyidagi haqiqatni bilib olamiz: odam o‘lganida yo‘q bo‘lib ketadi. O‘lim hayot bilan qarama-qarshidir. O‘lganlar na ko‘rishadi, na eshitishadi va na fikrlay olishadi. Odam o‘lganida uning qandaydir boqiy yashaydigan na joni va na ruhi bor. *

Olov qayerga g‘oyib bo‘ldi?

6 Hazrati Sulaymon: «Hayot bo‘lganlar hech bo‘lmasa o‘lishlarini biladilar»,⁠— deganidan so‘ng: «Marhumlar esa hech narsani bilmaydilar»,⁠— deb qo‘shib qo‘ydi. Keyin gapida davom etib, o‘lganlar na sevishga va na nafratlanishga qodir, chunki qabrda «hech qanday ish, fahm-idrok, bilim yoki donolik yo‘qdir», deb aytdi (Voiz 9:5, 6, 10). Shuningdek, Zaburda: «Puchga chiqar uning [marhumning] barcha murod-orzulari»,⁠— deb yozilgan (Zabur 145:4). Barchamiz foniymiz. Hayotimizni shamda yonib turgan olovga o‘xshatish mumkin. Olovga puflasangiz, u boshqa bir joyga ko‘chib bormaydi, balki yo‘q bo‘lib qoladi.

O‘LIM TO‘G‘RISIDA ISO MASIHNING FIKRI

7. Iso Masih o‘limni nima bilan taqqosladi?

7 Iso Masih o‘lganlarning holati to‘g‘risida bilar edi. Masalan uning Lazar ismli yaqin do‘sti qazo qilganida, Iso shogirdlariga: «Do‘stimiz Lazar uxlab qoldi»,⁠— deb aytdi. Shogirdlari Iso odatdagi uyqu to‘g‘risida gapiryapti shekilli deb o‘yladilar. Lekin ular yanglishgan. Shunda Iso ularga ochig‘ini aytdi: «Lazar vafot etdi» (Yuhanno 11:11–14). E’tibor bering: Iso o‘limni uyqu bilan taqqosladi. Lazar na osmonga, na olovli do‘zaxga jo‘nadi. U na farishtalar bilan va na o‘tib ketgan ajdodlari bilan ko‘rishdi. Shuningdek, Lazar boshqa tanaga ko‘chib o‘tgani yo‘q. O‘lib, u xuddi tushdan holi qattiq uyquga ketganday bo‘ldi. Iso Masih o‘limni uyqu bilan solishtirgan bu voqea tanho misol emas. Boshqa safar Iso, Yair ismli kishining o‘lib qolgan qizini tiriltirganida: «U o‘lgan emas, faqat uxlab yotibdi»,⁠— degan edi (Luqo 8:52, 53). Shuningdek, hazrati Dovud «o‘lim uyqusi» haqida yozgan edi (Zabur 12:4).

Yahova insonlarni abadiy hayot uchun yaratgan

8. O‘lim Xudoning niyatlariga kirmaganini qayerdan bilamiz?

8 Lekin o‘lim Xudoning niyatlariga kirganmikin? Xo‘sh, mehribon ota-ona bolalarining qarib o‘lishlarini xohlaydimi? Aslo! Xuddi shunga o‘xshab, Tangri Taolo Yahova, bandalari yer yuzida abadiy yashasin degan edi. Boya bilib olganimizday, Xudovand ilk inson juftini jannatga joylashtirib, ularga mukammal sog‘lik ato etdi. Ha, Yahova ularni har taraflama barakaladi. U hatto insonlarning qalbiga «vaqt o‘tishini sezish» qobiliyatini jo qilgan (Voiz 3:11). Mana nima sababdan odamning yashagisi kelar. Va aminmizki, Xudo barcha niyatlarini, shu jumladan odamlarga abadiy hayot nasib etish niyatini, albatta amalga oshiradi.

ODAMLAR NEGA O‘LADILAR

9. Parvardigorimiz Yahova Odam Atoga nima buyurdi, va nega bu buyruq aslo qiyin emas edi?

9 Bo‘lmasa nega odamlar o‘ladi? Bu savolga javob topish uchun, ilk erkak va ayol bilan nima sodir bo‘lganini ko‘rib chiqaylik. Muqaddas Kitob: «Xudovandi Karim ko‘zga yoqqan, yemoqqa yaxshi bo‘lgan har xil daraxtni yerdan o‘stirdi»,⁠— deb hikoya qiladi (Ibtido 2:9). So‘ngra Parvardigorimiz Yahova Odam Atoga buyurib dedi: «Bog‘ning har bir daraxtidan yeyavergin. Faqat yaxshi va yomonni bilish daraxtidan yema. Chunki undan yegan kuniyoq o‘lasan» (Ibtido 2:16, 17). Bu buyruq aslo qiyin emas edi. Sababi, Odam Ato bilan Momo Havo bog‘ning xilma-xil daraxtidan yeyishi mumkin edi. Ha, Tangri Yahova ularga shuncha baraka yog‘dirib, mukammallikni ato etdi. Itoatkorligi bilan ular mehribon Xudoning rahbarligini tan olish hamda minnatdorchilik izhor qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

10, 11. a) Qanday qilib ilk insonlar Xudoga qarshi chiqishdi? b) Nimaga Odam Ato bilan Momo Havoning bu qiliqlari xunuk edi?

10 Ming afsuski, ilk insonlar Xudoga qarshi chiqishdi. Ilondan foydalanib Shayton Momo Havodan so‘radi: «Chindan ham Xudo, bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimikin?» Momo Havo javoban: «Bog‘ daraxtlarining mevasidan yeya olamiz-u, Xudo faqat bog‘ning o‘rtasidagi daraxtning mevasini yemanglar, unga tegmanglar, bo‘lmasa o‘lasizlar, dedi»,⁠— deb aytdi (Ibtido 3:1–3).

11 Shunda Shayton: «Yo‘q, mutlaqo o‘lmaysizlar!» — deb, davom etdi: «Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq, ko‘zlaringiz ochilib qoladi va Xudo kabi yaxshi va yomonni biladigan bo‘lasizlar» (Ibtido 3:4, 5). Shayton, agar Momo Havo taqiqlangan daraxtning mevasidan yesa baxtliroq bo‘ladi, deb ishontirmoqchi bo‘ldi. Uning fikricha, Momo Havo o‘zi ham yaxshi va yomonning farqiga bora olardi. Shuningdek, Shayton Yahovani bandalaridan yaxshi narsalarni yashiradigan zolim yolg‘onchi qilib ko‘rsatdi. Xullas, Momo Havo Shaytonga ishonib, nafaqat o‘zi mevadan yedi, balki erini ham o‘ziga sherik qildi. Ular buni bilmay qilib qo‘yishdi, deyish joiz bo‘lmas edi. Chunki bu qiliq bilan Xudoga qarshi chiqayotganlarini ular yaxshi bilar edi. Mevadan yeb, ular bir oddiy va ma’noli buyruqdan voz kechishdi. Ular butun olam Hukmdoriga hurmatsizlik ko‘rsatishdi. Bu esa juda xunuk ish edi!

12. Qanday misol Yahovaning his-tuyg‘ularini tushunishimizga yordam beradi?

12 Misol tariqasida: bolalaringizni jon kuydirib katta qilsangiz-u, ular esa sizni na sevishsa va hatto na hurmat qilishsa, bu xuddi yuragingizga o‘q qadalganday bo‘lmasmidi? Endi esa Odam Ato bilan Momo Havoning isyonlarini ko‘rib turgan Yahova Taoloning his-tuyg‘ularini bir o‘ylab ko‘ring-da!

Odam Ato tuproqdan yasalgan va tuproqqa qaytdi

13. Yahova Taolo Odam Atoga qarata nima degan, va bu so‘zlar nimani anglatar edi?

13 Itoatsiz Odam Ato bilan Momo Havoning hayoti ortiq davom eta olmas edi. Xudovand ogohlantirganiday ular hayotdan ko‘z yumdilar. Odam Ato bilan Momo Havo shunchaki yo‘q bo‘lib qoldilar. Ular narigi dunyoga ko‘chib o‘tgan emaslar. Buni qayerdan bilamiz? Muqaddas Kitobda Yahova Taoloning Odam Atoga qarata aytgan so‘zlarini o‘qiymiz: «Sen yerdan olingansan va yerga qaytasan... Zero tuproqdirsan va tuproqqa qaytarsan» (Ibtido 3:19). Xudovandi Karim Odam Atoni yerning tuprog‘idan yasagan (Ibtido 2:7). Yaratilishidan oldin Odam Ato hech qayerda bo‘lmagan. Shuning uchun «tuproqqa qaytarsan» degan so‘zlar, Odam Atoning shunchaki yo‘q bo‘lib ketishini anglatar edi.

14. Odamlar nega o‘ladilar?

14 Agar Odam Ato bilan Momo Havo Xudoga itoat qilishganida, hozirga qadar hayotlari davom etar edi. Biroq Odam Atoning gunohga qo‘l urgani natijasida, barchamiz gunoh va o‘limga duchormiz (Rimliklarga 5:12). Nasldan naslga o‘tadigan gunoh, yuqumli kasallik kabi, insoniyat ustidan la’nat bo‘lib turibdi. O‘lim esa gunohning natijasidir. O‘lim do‘st emas, balki — dushmandir (1 Korinfliklarga 15:26). Ha, bu shafqatsiz dushmandan bizni to‘lov orqali xalos qiladigan Xudoyimiz Yahovaga ming qatla shukur!

O‘LIM TO‘G‘RISIDA HAQIQATNI BILISH TASALLIDIR

15. Nega o‘lim to‘g‘risida haqiqatni bilish tasallidir?

15 Muqaddas Kitob o‘lganlarning holatini bizga bildirib chindan ham tasalli bermoqda. Ko‘rib turganimizday, o‘lganlar na azob chekishadi va na og‘riqni sezishadi. Ular bilan na so‘zlasha olamiz va na ularni eshita olamiz. Marhumlar bizga na yordam bera oladi, na yordamimizga muhtojlar. Ular ziyon yetkazishga ham ojiz, shul sabab ulardan qo‘rqishga hech qanday asos yo‘q. Biroq, ruhoniylarning ko‘pi o‘z duolari bilan o‘lganlarga yordam berishlarini aytishadi, va bunga ishonganlar buning evaziga pul berishga tayyor. Lekin, o‘lim to‘g‘risida haqiqat bunga o‘xshash yolg‘ondan bizni himoya qiladi.

16. Aksariyat dinlar kimning ta’siri ostida va nega?

16 Muqaddas Kitobning ushbu ta’limoti diningizga muvofiqmi? Aksariyat dinda bunday emas. Biroq nega? Chunki ularning ta’limotlari Shaytonning ta’siri ostida vujudga keldi. Shayton soxta din orqali, odam o‘lganidan so‘ng narigi dunyoda yashashni davom ettiradi, deb ishontirmoqchi. Shu kabi soxta ta’limotlar bizni Tangrimiz Yahovadan uzoqlashtiradi. Qanday qilib deysizmi?

17. Nega abadiy azob haqidagi ta’limot Xudoga shak keltirish bilan barobardir?

17 Yuqorida aytilganiday, ba’zi dinda quyidagi ta’limot mavjud, ya’ni yomon odamlar olovli do‘zaxda abadiy azob chekishar emish. Bu ta’limot Xudoga shak keltirish bilan barobardir. Mehribon Tangrimiz Yahova hech qachon shunday qilgan bo‘lmas edi (1 Yuhanno 4:8). Masalan, jazolash tariqasida ota ters bo‘lgan o‘g‘lining qo‘lini olov ustida kuydirsa, bunchalik berahm kimsa haqida nima deb o‘ylar edingiz? Balki u bilan yaqindan tanishish istagingiz paydo bo‘lib, uni yanada hurmatlar edingizmi? Qaydam. Biroq Shayton Yahovani aynan shunday, abadiy azob keltiradigan berahm zot sifatida ko‘rsatmoqchi.

18. O‘lganlar bilan bog‘liq qanday soxta ta’limot mavjud?

18 Shaytonning yana bir soxta ta’limoti mavjud. Unga binoan o‘lganlarning ruhi yo do‘stga yoki ashaddiy dushmanga aylanar ekan. Shul bois, odamlar o‘liklardan qo‘rqib, ularning sha’niga duolar o‘qiydi yoki hatto sig‘inishadi. Bu ta’limotga ko‘pchilik ishonsa ham, u soxtadir. Zero Muqaddas Kitob marhumlar o‘lim uyqusida, deb o‘rgatmoqda. Sig‘inishga kelsak esa, unga faqat Parvardigori Olam Yahova loyiqdir (Vahiy 4:11).

19. Nega o‘lim to‘g‘risida haqiqatni bilish yaxshidir?

19 O‘lim to‘g‘risida haqiqatni bilish sizni soxta din ta’limotlaridan himoya qiladi. Shuningdek, Muqaddas Kitob ta’limotlarini yaxshiroq tushuna olasiz. Masalan, narigi dunyo yo‘q ekanini anglab, yer yuzidagi abadiy hayotga bo‘lgan umid naqadar bebaho ekanini tushunasiz.

20. Kelasi bobda qaysi savol ko‘rib chiqiladi?

20 Ayub alayhissalom shunday savolni ko‘targanlar: «Odam o‘lsa qayta yashay olarmikan?» (Ayub 14:14, YADT). Haqiqatan ham, o‘lim uyqusiga ketgan kimsa hayotga qaytishi mumkinmi? Kelasi bobdan, Muqaddas Kitobning bu haqdagi tasalli beradigan ta’limotini bilib olamiz.

^ 5- x.b. «Jon» va «ruh» to‘g‘risida 208–211- sahifalardagi Ilovadan bilib olish mumkin.