Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Ota, o‘g‘il va muqaddas ruh to‘g‘risida haqiqat

Ota, o‘g‘il va muqaddas ruh to‘g‘risida haqiqat

UCHLIKKA, ya’ni uch qiyofali xudolarga ishongan odamlar: «Xudo Xudo-Ota, Xudo-O‘g‘il va Xudo-Muqaddas Ruhdan iborat. Xudo uch qiyofali, lekin yagonadir. Ulardan har biri kuch-qudratda teng va abadiy»,⁠— deb aytishadi.

Uchlikka ishonganlarning ko‘pchiligi bu ta’limotni tushuntirishga ojiz bo‘lsa-da, buni Muqaddas Kitob ta’limoti deb biladilar. Bir narsani e’tiborga olaylik, «uchlik» so‘zi Xudoning Kalomida umuman uchramaydi. Bo‘lmasa, bu aqidaga ishonish uchun Muqaddas Kitobda asos bordir? Bu savolga javob topish uchun, keling bu aqidani tasdiqlash maqsadida keltirilgan oyatlarni ko‘rib chiqaylik.

«KALOM — XUDO EDI»

Yuhanno 1:1- oyatida quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo huzurida edi, Kalom — Xudo edi». Bir necha oyat pastroq, havoriy Yuhanno «Kalom» bu ayni Iso Masih ekanini tushuntirib beryapti (Yuhanno 1:14). Modomiki bu oyatda «Kalom — Xudo edi», deb aytilar ekan, ba’zilar Iso Masihni Xudo-O‘g‘il, deb bilishadi.

Avvalo, Yuhanno Xushxabari yunon tilida yozilganiga e’tibor beraylik. Keyinchalik esa uni boshqa tillarga ham tarjima qilishgan. Ba’zi tarjimalarda «Kalom — Xudo edi», degan so‘zlarni uchratmaymiz. Nega deysizmi? Qadimgi yunon tilini bilgan tarjimonlar, bu oyatni boshqacha tarjima qilish kerak, degan qarorga kelishdi. Xo‘sh, ularning tarjimasi qanday ekan? Mana bir necha misol: «Logos [Kalom] ilohiy edi» («A New Translation of the Bible»). «Kalom xudo edi» («The New Testament in an Improved Version»). «Kalom Xudo huzurida edi va Uning xususiyatlarini aks etardi» («The Translator’s New Testament»). Bu tarjimalarga asoslansak, Kalom qudratli Alloh emasligini ko‘ramiz *. Lekin «xudo» deb aytilishi, Yahova Taoloning ijodlari ichra yuksak martabaga ega bo‘lgan «qudratli zot» ekanidan dalolat beradi.

DALILLAR

Ko‘p odamlar qadimgi yunon tilini bilishmaydi. Bo‘lmasa, aziz havoriy Yuhanno nimani nazarda tutganini qanday bilish mumkin? Bir misol: domla o‘quvchilarga bir masalani tushuntiryapti, deylik. O‘quvchilar esa domlaning so‘zlarini har xil tushunishdi. Xo‘sh, o‘quvchilar nima qilsin? Domlaga, qo‘shimcha ma’lumot berishi uchun, murojaat qilishlari mumkin. Darhaqiqat, qo‘shimcha dalillar masalani tushunishga yordam beradi. Shunga o‘xshab, Yuhanno 1:1- oyatini to‘g‘ri tushunish uchun, Yuhanno bayon etgan Xushxabarda Iso Masih qanday mavqega ega ekanini ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu dalillar to‘g‘ri xulosaga kelishimizga yordam beradi.

Masalan Yuhanno 1:18- oyatida: «Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas», degan so‘zlarni o‘qiymiz. Lekin o‘g‘ilni, ya’ni Iso Masihni odamlar ko‘rishgan. Yuhanno 1:14- oyatida: «Kalom [Iso Masih] inson qiyofasiga kirdi va biz aro maskan qildi. Biz esa Uning ulug‘vorligini ko‘rdik», degan so‘zlar bor. Xo‘sh, o‘g‘il Qodir Tangri kabi Xudo bo‘lishi mumkinmikan? Yuhanno «Kalom Xudo huzurida edi», deb tushuntiradi. Biroq kimningdir huzurida bo‘lish va ayni paytda uning o‘zi bo‘lish mumkinmi? Boz ustiga, Yuhanno 17:3- oyatidan, Hazrati Iso va samoviy Otasi boshqa-boshqa shaxs ekanlarini ko‘ryapmiz. Bu oyatda Iso Masih o‘z Otasini «tanho Haq Xudo» deb ataydi. Va nihoyat, Xushxabarning so‘ngida Yuhanno shunday deb yozadi: «Bular esa Iso — Xudoning O‘g‘li, Masih ekanligiga ishonishingiz uchun... yozilgan» (Yuhanno 20:31). Hazrati Iso Xudo emas, balki Xudoning o‘g‘li deb atalishiga e’tibor bering. Ko‘rinyaptiki, qo‘shimcha oyatlar, Yuhanno 1:1- oyati nimani nazarda tutishi to‘g‘risida tushuntirib beryapti. Hazrati Iso, ya’ni Kalom «xudo» deb atalishi, uning yuksak mavqeini ta’kidlasa-da, u hech ham Qodir Allohga bas kela olmaydi.

QO‘SHIMCHA DALILLAR

Keling, domla va o‘quvchilar haqidagi misolga qaytaylik. Domla qo‘shimcha ma’lumot berishiga qaramay, ba’zi o‘quvchilar shubhalanyapti, deylik. Xo‘sh, yana nima qilish mumkin? Boshqa domlaga murojaat qilish mumkin. Agar bu domla ham birinchi domlaning so‘zlarini tasdiqlasa, hech bir shubha qolmaydi. Siz ham shunday yo‘l tutishingiz mumkin. Agar Iso Masih hamda Qodir Alloh haqida Yuhannoning so‘zlarida hozirga qadar shubhalansangiz, boshqa domlaga, ya’ni Mark bayon etgan Xushxabarga murojaat qiling. Masalan Mark 13:32- oyatida, Hazrati Iso bu dunyoning oxiri qachon kelishi to‘g‘risida shunday degan: «O‘sha kun yoki soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi; O‘g‘il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar». Bu oyat, Iso Masih — Qodir Alloh emasligini qanday tasdiqlayapti?

Isoning so‘zlaridan ko‘rinyaptiki, Ota o‘g‘ildan ko‘ra ko‘proq narsani bilar ekan. Agar Hazrati Iso qodir Alloh bo‘lganida, u ham xuddi shuncha narsani bilmasmidi? Xullas, o‘g‘il Otaga teng emas. Lekin ba’zilar: «Iso bu so‘zlarni inson qiyofasida bo‘lgan paytida aytgan»,⁠— deb e’tiroz bildirishadi. Xo‘p, shunday ham deylik, ammo muqaddas ruh haqida nima deyish mumkin? Agar muqaddas ruh ham Ota kabi Xudo bo‘lsa, nega Iso, bu ma’lumot muqaddas ruhga ham ma’lum, deb aytmadi?

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotib, yana ko‘p shu kabi oyatlarni topa olasiz. Ular Ota, o‘g‘il va muqaddas ruh to‘g‘risida haqiqatni ochib beradi (Zabur 89:3; Havoriylar 7:55; Kolosaliklarga 1:15).

^ 3- x.b. Yuhanno 1:1- oyati to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olish uchun Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan rus tilidagi «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2008- yil 1- noyabr sonidagi 24–25- sahifalariga qarang.