Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

56-DARS

Jamoatda birlik bo‘lishiga hissa qo‘shing

Jamoatda birlik bo‘lishiga hissa qo‘shing

Imondoshlarimiz bilan birga vaqt o‘tkazganda, o‘zimizni shoh Dovud kabi his qilamiz. U shunday degan: «Naqadar yaxshi va yoqimlidir birodarlarning birlikda ahil yashashi!» (Zabur 133:1) Birlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bu uchun har birimiz hissa qo‘shishimiz kerak.

1. Xudoning xalqi nimasi bilan ajralib turadi?

Boshqa mamlakatdagi jamoatga borsangiz, u yerdagi tilni tushunmasligingiz mumkin. Shunga qaramay, o‘zingizni uydagidek bemalol his qila olasiz. Sababi, qayerda bo‘lishimizdan qat’i nazar, Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun hammamiz bir xil adabiyotlardan foydalanamiz. Qolaversa, bir-birimizga sevgi ko‘rsatish uchun jon kuydiramiz. Qayerda yashamaylik, «Yahova ismini chaqirib, Unga birlikda topinamiz». (Zafaniyo 3:9, izoh)

2. Birlikka hissa qo‘shish uchun nima qilishingiz mumkin?

«Bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar». (1 Butrus 1:22) Bu maslahatga qanday amal qila olasiz? Boshqalarning kamchiliklariga diqqat qaratmay, yaxshi tomonlarini ko‘rishga harakat qiling. Qiziqishlaringiz o‘xshash bo‘lganlar bilangina emas, balki kelib chiqishi turlicha bo‘lgan imondoshlar bilan yaqindan tanishishga intiling. Shuningdek, boshqalar haqidagi noto‘g‘ri fikrlarni ildizi bilan sug‘urib tashlash uchun jon kuydirishimiz kerak. (1 Butrus 2:17 ni o‘qing.) a

3. Imondoshingiz bilan kelishmovchilikka duch kelsangiz, qanday yo‘l tutasiz?

Ha, ahilmiz, biroq shu bilan birga nomukammalmiz. Ba’zida bir-birimizning ko‘nglimizni og‘ritishimiz yo hatto qattiq xafa qilib qo‘yishimiz mumkin. Shu bois, Kalomda aytilganiday, bir-birimizni doim kechirishimiz kerak. U yerda yana shunday deyilgan: «Yahova sizlarni chin dildan kechirganidek, sizlar ham shunday yo‘l tutinglar». (Kolosaliklarga 3:13 ni o‘qing.) Yahovani ko‘p ranjitamiz, lekin U bizni kechiryapti. Shu bois, U imondoshlarimizni kechirishimizni kutadi. Kimnidir xafa qilganingizni payqasangiz, muammoni hal qilish uchun tashabbus ko‘rsating. (Matto 5:23, 24 ni o‘qing.) b

KO‘PROQ BILIB OLING

Jamoatda birlik va tinchlik hukm surishiga qay yo‘sin hissa qo‘sha olishingizni bilib oling.

Tinchlikni saqlash uchun nima qilasiz?

4. Boshqalar haqidagi noto‘g‘ri fikrlarni yenging

Barcha birodarlarimizni yaxshi ko‘rishni istaymiz. Biroq kimdir bizdan farq qilganday tuyulsa, uni qabul qilish qiyin kechar. Qiziq, bizga nima yordam beradi? Havoriylar 10:34, 35 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Yahova har turli odamlarni Shohidlari sifatida qabul qilyapti. Buni bilish kelib chiqishi siznikidan farq qiladigan kishilarga nisbatan nuqtai nazaringizga qanday ta’sir qilishi kerak?

  • Hududingizdagi boshqalar haqida keng tarqalgan qaysi noto‘g‘ri fikrlardan qochishni istaysiz?

2 Korinfliklarga 6:11–13 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Sizningcha, kelib chiqishi turlicha bo‘lgan birodar-u opa-singillarga qay yo‘sin yaqinroq bo‘la olasiz?

5. Chin dildan kechiring va tinchlik o‘rnating

Yahova biz Uni kechirishimizga umuman muhtoj bo‘lmasa ham, bizni chin dildan kechiradi. Zabur 86:5 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Bu oyatdan Yahovaning kechirimli ekani haqida nimani bilib olyapsiz?

  • Nega U bizni kechirayotganidan minnatdorsiz?

  • Qaysi vaziyatlar boshqalar bilan bo‘lgan tinchligimizga raxna solishi mumkin?

Qay yo‘sin Yahovaga taqlid qilishimiz va birodar-u opa-singillar bilan birlikni saqlashimiz mumkin? Hikmatlar 19:11 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Kimdir jahlingizni chiqarsa yoki sizni ranjitsa, vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish mumkin?

Ba’zida boshqalarni ranjitamiz. Bu sodir bo‘lsa, nima qilishimiz kerak? VIDEONI tomosha qiling, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Videodan ko‘rganimizday, imondoshimiz tinchlikni saqlash uchun nima qildi?

6. Imondoshlarning yaxshi tomonlariga diqqat qarating

Birodar-u opa-singillarimiz bilan yaqindan tanishsak, ularning kuchli va zaif tomonlarini ko‘ramiz. Xo‘sh, qanday qilib diqqatimizni ularning kuchli taraflariga qarata olamiz? VIDEONI tomosha qiling, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Imondoshlarning yaxshi tomonlarini ko‘rishingizga nima yordam berishi mumkin?

Yahova yaxshi fazilatlarimizga diqqat qaratadi. 2 Solnomalar 16:9a ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Yahova yaxshi taraflaringizga diqqat qaratishini bilganingizdan nimalarni his qilyapsiz?

Hatto chiroyli brilliantning kamchiligi bo‘ladi, ammo u baribir qimmatbaho. Shu kabi, barcha imondoshlar nomukammal, lekin Yahova uchun qimmatbahodir

BA’ZILARNING FIKRI: «U birinchi kechirim so‘rashi kerak».

  • Nega boshqalarni kechirishga harakat qilishimiz lozim?

XULOSA

Kechirimli bo‘lish va barcha birodar-u opa-singillarga sevgini ko‘rsatish orqali jamoatning birligiga hissa qo‘sha olasiz.

Takrorlash

  • Boshqalar haqidagi noto‘g‘ri fikrlarni qay yo‘sin yenga olasiz?

  • Imondoshingiz bilan kelishmovchilik yuz bersa, nima qilasiz?

  • Nega boshqalarni kechirish borasidagi Yahovaning o‘rnagiga taqlid qilishni istaysiz?

Maqsad

QO‘SHIMCHA MANBALAR

Isoning bir masali boshqalarni hukm qilmaslikka qanday yordam berishini bilib oling.

«Xodani chiqarib tashla» 6:56

Aybimiz bo‘lmasa-da, kechirim so‘rashimiz kerakmi?

«Kechirim so‘rash tinchlikning siridir» («Qo‘riqchi minorasi» 1-noyabr, 2002)

Irqchilik hukm surgan mamlakatda ulg‘aygan ikki kishi qay yo‘sin birlikka erishganini tomosha qiling.

«Joni va Gideon. Ilgari dushmanlar, hozir esa birodarlar» 6:42

Kimdir bilan yuz bergan kelishmovchilik sabab jamoatda muammo paydo bo‘lmasidan oldin uni qanday hal qilish mumkin?

«Kelishmovchiliklarni sevgi ila hal qiling» («Qo‘riqchi minorasi» may, 2016)

a 6- ilovadan qay yo‘sin sevgi masihiylarni yuqumli kasallikni tarqatishdan qochishga undashini bilib oling.

b 7- ilovada biznes va huquqiy masalalar borasida qanday yo‘l tutish muhokama qilinadi.