Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

His-tuyg‘ularimni qanday qilib boshqara olaman?

His-tuyg‘ularimni qanday qilib boshqara olaman?

«Bir kun o‘zimni zo‘r his qilaman, boshqa kun esa bo‘shashib g‘amgin bo‘lib yuraman. Kecha arzimagan bir narsa, bugun jiddiy muammoga aylanadi». (Karissa)

Siz ham o‘zingizni xushchaqchaq, sal turib esa xomush his etasizmi? Buni o‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan ketishga o‘xshatsa bo‘ladi a. Shunday bo‘lsa, bu yerdagi fikrlar sizga qo‘l keladi.

 Nega bu yuz beradi?

 Badaningiz balog‘at yoshida o‘zgarayotganda, bir xushchaqchaq, bir ma’yus bo‘lib qolishingiz tabiiy hol. Lekin hatto o‘smirlik davri o‘tib ketsa-da, kayfiyatingiz tez-tez o‘zgarib turishidan va o‘zingiz ham kutmaganday bo‘lishidan hayron qolayotgandirsiz.

 Agar hissiyotlaringiz shu tarzda o‘ynab turishidan uyalayotgan bo‘lsangiz, unutmangki, bu gormonlarning o‘zgarayotgani natijasida ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘sish jarayoniga xos bo‘lganidek, o‘zingizni himoyasiz his etayotganingiz va o‘zingizga nisbatan ishonchsizlik tufayli bo‘lishi hech gap emas. Siz uchun yaxshi xabar bor, o‘zingizni tushunib, tuyg‘ularingizni nazorat qilish qo‘lingizdan keladi.

 Fakt. Yoshlikdan boshlab tuyg‘ularni jilovlashga o‘rganish o‘ta muhim, chunki bu ulg‘ayganingizda ham juda qo‘l keladi.

Salbiy tuyg‘ular yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirliklarga o‘xshaydi. Tajriba orttirib, bu yo‘lda o‘zingizni ancha-muncha dadilroq his etasiz va chuqur o‘nqir-cho‘nqirliklardan aylanib o‘ta olasiz

 Uchta amaliy maslahat

 Gapiring. Muqaddas Kitobda: «Chin do‘st hamma vaqt sevadi, og‘ir damda birodariga tayanch bo‘ladi»,— deb yozilgan. (Hikmatlar 17:17)

 «O‘z xolamdek ko‘radigan oilamiz do‘sti bor. U meni doim tinglashga tayyor, unga bemalol tuyg‘ularimni ayta olaman. Nuqtai nazarim to‘g‘ri bo‘lganda, u men bilan faxrlanadi, agar noto‘g‘ri bo‘lsa, eng a’lo yo‘l bilan meni tuzata oladi». (Yolanda)

 Maslahat. Faqat tengdoshlaringiz bilangina dardlashmang, chunki ular ham hissan kurashayotgandir. Otangiz yo onangiz yoki siz ishonadigan boshqa yoshi katta kishi bilan hasratlashing.

 Yozing. Muqaddas Kitobda rosa siqilayotgan paytda quyidagi so‘zlarni aytgan Ayub payg‘ambar tilga olingan: «Hasratlarimni to‘kib solaman, jonim azobda qolganidan gapiraman!» (Ayub 10:1) Kimgadir gapirishdan tashqari, tuyg‘ularingizni qalamga olsangiz ham bo‘ladi.

 «O‘zim bilan doim yon daftarchamni olib yuraman. Nimadandir siqilayotgan bo‘lsam, buni shu zahoti yozib qo‘yaman. Bu menga juda ko‘p yordam beryapti». (Iliana)

Maslahat. Xotira daftarini tuting, unga tuyg‘ularingizni, ular nega paydo bo‘lganini va qay yo‘sin ularni yenga olishingiz mumkinligini yozing. Bunda, ushbu maqolaga keltirilgan o‘quv daftari sizga qo‘l keladi.

 Ibodat qiling. Muqaddas Kitobda: «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi. Odil kishining yiqilishiga U aslo yo‘l qo‘ymaydi»,— deyilgan. (Zabur 55:22)

 «Ruhim tushganda Yahovaga tinmay ibodat qilaman. Ko‘nglimdagini bo‘shatgach, o‘zimni doimo yengil his etaman». (Jezmin)

 Maslahat. Sizni qanchalar g‘am-g‘ussa bosayotgan bo‘lsa ham, minnatdorchilikni his eta olish uchun hayotingizdan uchta sabab toping. Yahovaga ibodat qilayotganda, Undan yordam so‘rang va shu bilan birga, ega bo‘lgan barakalaringiz uchun ham rahmat aytishni unutmang.

a Bu maqolada ko‘pincha anchagina yoshlar duch keladigan hissiy kurash haqida gap boradi. Agar depressiyaning qaysidir turiga yoki maniakal-depressiv psixozga chalingan bo‘lsangiz «Depressiyani qanday qilib yenga olaman?» nomli maqolaga qarang.