Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Zerikkanimda nima qilsam bo‘ladi?

Zerikkanimda nima qilsam bo‘ladi?

 Ba’zilar uchun yomg‘ir yog‘ayotganda uyda o‘tirishdan va hech qayerga bormaslikdan yomonroq narsa yo‘q. Robert ismli bir yigit quyidagicha dedi: «Bunday paytlari nima qilarimni bilmay o‘tiraman».

 Sizda ham qachondir shunday bo‘lganmi? Unda bu maqola sizga qo‘l keladi!

 Nimani bilishingiz kerak?

  •   Elektron qurilmalardan foydalanish yordam bermasligi mumkin.

     Internetda kezib yurish vaqtni o‘tkazishga yordam berishi mumkin, lekin bu tasavvur qilish qobiliyatingizni o‘tmaslashtirib, zerikishga olib keladi. «Hech narsani o‘ylamay shunchaki ekranga tikilib o‘tirganingizni his etasiz»,— deb aytdi 21 yoshli Jeremi.

     Yoshi 23da bo‘lgan Yelena bu fikrga qo‘shiladi. U shunday dedi: «Elektron qurilmalar yordamida atigi bir nechta ishni qila olasiz. U sizni real hayotdan uzoqlashtiradi. Shu bois, qurilmangizni chetga surib qo‘yganda, o‘zingizni yanada zerikkan his qilasiz!»

  •   Vaziyatga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring.

     Turli ishlar bilan band bo‘lish nahotki zeriktirsa? Ko‘p narsa siz bu ishga qanchalik ishtiyoq bildirayotganingizga bog‘liq. Masalan, 21 yoshli Karen shunday deb eslaydi: «Garchi kun bo‘yi band bo‘lsam-da, maktab men uchun juda zerikarli edi. Zerikmaslik uchun qilayotgan ishingizga sho‘ng‘ishingiz kerak».

 Bilarmidingiz? «Qilarga hech narsa yo‘q»,— deb aytayotgan bo‘sh vaqtingiz ajoyib imkoniyatlarni «ekish» mumkin bo‘lgan hosildor yer kabidir.

Bo‘sh vaqt ajoyib imkoniyatlarni «ekish» mumkin bo‘lgan hosildor yer kabidir

 Nima qila olasiz?

 Qiziqishlaringizni ko‘paytiring. Yangi do‘stlar orttiring. Yangi mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Yangi mavzular borasida izlanish olib boring. Turli qiziqishlarga ega odam kamdan-kam hollarda yolg‘izlikdan zerikishi mumkin. Qolaversa, u boshqalarni ham zeriktirmaydi.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Qo‘lingdan qanday ish kelsa, uni jon-jahding bilan bajar». (Voiz 9:10)

 «Yaqinda xitoy tilining “mandarin” dialektini o‘rganishni boshladim. Har kuni mashq qilib shuni tushundimki, shu singari ta’lim olishga muhtoj bo‘lgan ekanman. Biron loyiha ustida ishlashni yaxshi ko‘raman. Bu ongim band bo‘lishiga hamda vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi». (Melinda)

 Maqsad sari intiling. Biron maqsadni ko‘zlab ish boshlasangiz, qiziqishingiz oshadi. Agar qandaydir maqsad sari intilsangiz, hatto maktabdagi darslar ham zerikarli bo‘lmay qoladi.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Inson uchun... qilgan mehnatining rohatini ko‘rishdan yaxshiroq narsa yo‘q». (Voiz 2:24)

 «Maktabning oxirigacha kuniga sakkiz soat o‘qirdim. Chunki bundan oldin o‘rinli tarzda o‘qimagandim. Zerikarlimi? Yo‘q, chunki maqsadimga erishish qarorim qat’iy edi. Diqqatimni natijaga — bitiruvga — qaratdim va bu menga turtki berib turdi». (Hanna)

 Vaziyatni o‘zgartira olmasangiz, unga moslashing. Hatto qiziqarli ko‘ringan maqsadlar ham ba’zida zerikarli tuyulishi hech gap emas. Hatto eng yaqin do‘stingiz rejalarni bekor qilishi va siz nima qilishni bilmay qolishingiz mumkin. Vaziyatning qurboni bo‘lib, salbiy tuyg‘ularga berilishning o‘rniga, ijobiy nuqtai nazarni rivojlantirishga harakat qiling.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Qalbi shodning esa har kuni bayram». (Hikmatlar 15:15)

 «Do‘stim yolg‘iz qolgan paytlarimdan ham xursandchilik topishga undadi. U boshqalar bilan vaqt o‘tkazish va yolg‘iz qolish o‘rtasida muvozanatli bo‘lish barcha o‘rganishi kerak bo‘lgan muhim qobiliyat ekanini aytdi». (Ayvi)