Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qachon erkin bo‘lib yashayman?

Qachon erkin bo‘lib yashayman?

 Nega ota-onam doim hayotimga aralashadi?

 Ota-onangizning fikricha, ular siz haqingizda shunchaki qayg‘urishmoqda. Lekin sizning fikringizcha, ular erkinligingizni cheklab qo‘yishyapti. Masalan:

  •   «Dadam telefonimni olib qo‘yadi, parolni aytishimni talab qiladi va hamma SMSlarimni o‘qiydi. Agar bir nima deydigan bo‘lsam, dadam men nimanidir yashirmoqchi ekanimni aytadi»,— deb bo‘lishdi o‘smir Erin.

  •   Yoshi 20larda bo‘lgan Deniz onasi ilgari telefon uchun to‘lovlarni sinchkovlik ila tekshirganini eslaydi. U shunday dedi: «Har bir raqam kimga tegishli ekanini surishtirib, u bilan nima haqida gaplashganimni so‘rardi».

  •   Yoshi 19da bo‘lgan Kayla bir kuni onasi uning xotira daftarchalarining birini o‘qib chiqqanini aytdi. «U yerda har xil tuyg‘ularimni va hatto oyim haqida bir-ikkita gap yozgandim. Bundan keyin xotira daftarcha tutmaydigan bo‘ldim»,— dedi Kayla.

 Xulosa. Ota-onangiz siz uchun javobgar va sizni qanchalik qattiqqo‘llik ila tarbiyalashini nazorat qila olmaysiz. Gohida ular haddan oshirib yuborishganday tuyuladimi? Balkim. Lekin quvonarlisi shuki, haddan ortiq ezilmaslik uchun ba’zi choralar ko‘ra olasiz.

 Nima qilishingiz mumkin?

 Ochiq-oydin gaplashing. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har narsada halol bo‘l». (Ibroniylarga 13:18) Ota-onangiz bilan suhbatlashganda bu maslahatga amal qiling. Ular bilan rostgo‘y bo‘lib, hammasini ochiq-oydin ayting, shunda sizga ishonchlari ortib, ko‘proq erkinlik berishar.

 O‘ylab ko‘ring: qanday obro‘ga egaman? Menga ishonishadimi? Uyga aytilgan vaqtda kelamanmi? Do‘stlarim kimligini va nimalar qilib yurganimni yashirmayapmanmi?

  «Ota-onam bilan o‘zaro kelishib oldik. Hayotim qanday kechayotganini ochiq-oydin gapirib beraman. Ular bilmoqchi bo‘lgan barchasini aytib beraman, ular esa menga ishonib, erkinlik berishadi». (Deliya)

 Sabrli bo‘ling. Muqaddas Kitobda: «Yurish-turishingiz o‘rnakli bo‘lsin»,— deyilgan. (1 Butrus 2:12) Ishonch qozonish uchun birgina yaxshi harakatning o‘zi yetarli emas. Ota-onangizning ishonchiga sazovor bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, yurish-turishda o‘rnakli bo‘lishingiz zarur. Ishonch qozonish uchun anchagina vaqt talab qilinishi mumkin, ammo harakat qilish arziydi.

 O‘ylab ko‘ring: ota-onangiz ham qachonlardir o‘smir bo‘lgan. Ehtimol, shuning uchun ular hayotingizga shunchalik qiziqish ko‘rsatayotgandir.

 «Menimcha, ota-onalar qilgan xatolarini eslab turishadi va biz ularni takrorlamasligimizni istashadi». (Danel)

 Tushunishga intiling. O‘zingizni ota-onangizning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Xudoning Kalomida yaxshi xotin «uyidagi ishlarni nazorat qiladi» va yaxshi ota bolalariga «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning yo‘l-yo‘rig‘i bilan ularni o‘stiradi» deb yozilgan. (Hikmatlar 31:27; Efesliklarga 6:4, izoh) Hammasi tushunarli, ular o‘z vazifasini yaxshi bajarishlari uchun sizning hayotingizda ishtirok etishlari kerak.

 O‘ylab ko‘ring: aytaylik, siz ota yoki onasiz va o‘smir bolangiz bor. Siz o‘smirlar duch kelayotgan barchasini bilgan holda uning hayotida umuman ishtirok etmagan va hech qanday savol bermagan bo‘larmidingiz?

  «O‘smir bo‘lganingizda, ota-onangiz doimo ishlaringizga “suqilayotganday” tuyuladi. Endi yoshim ulg‘ayganda, nega ular shunday qilishganining sababini tushunyapman. Bu ularning sevgisidan dalolat beradi». (Jeyms)