Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-DARS

Muqaddas Kitob prinsiplari qanday foyda keltiradi?

Muqaddas Kitob prinsiplari qanday foyda keltiradi?

1. Nega yo‘l-yo‘riqqa muhtojmiz?

Qanday qilib Muqaddas Kitob prinsiplari bizni xavfsizlik qoidalariga rioya etishga undayapti? (ZABUR 36:9)

Yaratuvchimiz bizdan farqli ravishda ancha dono va tajribali. U mehribon Ota singari bizga g‘amxo‘rlik qiladi. Bundan tashqari, Alloh bizni Undan mustaqil bo‘lib yashash uchun yaratmagan. (Yeremiyo 10:23) Kichkina bola ota-onasining yo‘l-yo‘rig‘iga muhtoj bo‘lganidek, barchamizda Xudoning ko‘rsatmalariga ehtiyoj bor. (Ishayo 48:17, 18) Muqaddas Kitob prinsiplari hayotimiz uchun qo‘llanma bo‘lib, Tangrining hadyasidir. 2 Timo‘tiyga 3:16 ni o‘qing.

Yahovaning qonunlari va prinsiplari hozirning o‘zida yaxshi hayot kechirishimizga ko‘maklashyapti. Boz ustiga, kelajakda qanday qilib abadiy hayotga erishishimiz mumkinligini ko‘rsatyapti. Alloh bizni yaratgani uchun biz haqimizda hamma narsani biladi. Shu bois Uning maslahatlariga quloq solib, bu uchun minnatdorchilik bildirsak oqilona bo‘lardi. Zabur 19:7, 11; Vahiy 4:11 ni o‘qing.

2. Muqaddas Kitob prinsiplari o‘zi nima?

Muqaddas Kitob prinsiplari asosiy ta’limotlardir. Qonunlar esa faqat muayyan vaziyatlarda qo‘l keladi. (Qonunlar 22:8) U yoki bu vaziyatda qaysi prinsip qo‘llanilishini tushunish uchun, fikrlash qobiliyatimizni ishga solishimiz kerak. (Hikmatlar 2:10–12) Masalan, Muqaddas Kitobda hayotimiz Allohning hadyasi, deb aytilgan. Ushbu asosiy prinsip ishxonada, uyda va safarga chiqqanda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishimizga yordam beradi. Havoriylar 17:28 ni o‘qing.

3. Qaysi ikkita prinsip eng asosiy hisoblanadi?

Hazrati Iso ikkita eng asosiy prinsip haqida aytgan. Birinchi prinsip inson hayotining mazmuni bilan bog‘liq. Inson hayotining mazmuni esa Allohni bilish, Uni sevish va Unga sadoqat ila xizmat qilishdan iborat. Hayotda qanday qaror chiqarmaylik, doimo ushbu prinsipga rioya etishimiz darkor. (Hikmatlar 3:6) Shunday yo‘l tutayotgan kishilar Xudoning do‘sti bo‘lishi hamda abadiy umr kechirib, chinakam baxtga erishishi mumkin. Matto 22:36–38 ni o‘qing.

Ikkinchi prinsip esa boshqalar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishimizga ko‘maklashadi. (1 Korinfliklarga 13:4–7) Mazkur prinsipni qo‘llash, odamlar bilan munosabatda Xudoga taqlid qilishni anglatadi. Matto 7:12; 22:39, 40 ni o‘qing.

4. Muqaddas Kitob prinsiplari qanday foyda keltiradi?

Muqaddas Kitob prinsiplari oilani mustahkamlaydi hamda haqiqiy sevgini namoyon etishga yordam beradi. (Kolosaliklarga 3:12–14) Xudoning Kalomi nikoh doimiy rishta ekani haqidagi muhim prinsipni ham o‘z ichiga oladi. Ibtido 2:24 ni o‘qing.

Muqaddas Kitob ta’limotlari asosida yashab, moddiy va hissiy jihatdan o‘zimizni himoyalay olamiz. Misol uchun, ish beruvchilar rostgo‘y va sidqidildan mehnat qiladigan kishilarni jon deb ishga olishadi. (Hikmatlar 10:4, 26; Ibroniylarga 13:18) Xudoning Kalomi, shuningdek, boriga shukur qilib, har qanday moddiy narsalardan ko‘ra, Alloh bilan do‘stlikni qadrlashni o‘rgatadi. Matto 6:24, 25, 33; 1 Timo‘tiyga 6:8–10 ni o‘qing.

Muqaddas Kitob prinsiplarini amalda qo‘llab sog‘ligimizni ham asraymiz. (Hikmatlar 14:30; 22:24, 25) Masalan, Xudoning Kalomida ichkilikbozlik qoralanadi. Agar bu borada Tangriga itoat etsak, bu bizni o‘limga duchor qiluvchi kasalliklardan va baxtsiz hodisalardan himoya qiladi. (Hikmatlar 23:20) Yahova spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilishga yo‘l qo‘yadi. (Zabur 104:15; 1 Korinfliklarga 6:10) Allohning prinsiplari xatti-harakatlarimizni va fikrlarimizni nazorat qilishni o‘rgatadi. (Zabur 119:97–100) Xudoning xizmatchilari mazkur me’yorlarga nafaqat o‘z foydasini ko‘zlagani uchun, balki Yahovani sharaflash niyatida rioya etishadi. Matto 5:14–16 ni o‘qing.